Afg'onistonda dehqonlar afyun yetishtirishda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Janubdagi Qandahor viloyati

Afg’onistonda dehqonlar afyun hosilini yig’ishtirishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Afyun dalalari, asosan, mamlakat janubi va janubi-g’arbida joylashgan. Dunyo bo’ylab iste’mol qilinayotgan geroin giyohvand moddasining katta qismi Afg’onistonda yetishtirilgan afyundan tayyorlanadi.

Tolibon o’tgan yili afyunga qarshi urush e’lon qilganiga qaramay, mamlakatdagi og’ir iqtisodiy ahvol sabab afyun dehqonlariga nisbatan hozircha chora ko’rilmasligini bildirmoqda.

Hilmand viloyatining markazi Lashkar Goh tevaragida afyun bilan shug’ullanuvchi dehqon Gul Muhammadning aytishicha, bug’doy yoki boshqa mahsulot yetishtirish afyunchalik daromad keltirmaydi.

"Iqtisodiy ahvolimiz juda og’ir. Afyun ekishdan boshqa choramiz yo’q”, - deydi u dalada ukalari bilan ishlarkan.

Bug’doyning bir kilosi bozorda 50 sent turadi, afyun esa sifatiga qarab kilosiga 68 dollardan 114 dollargacha sotiladi.

O’tgan yil avgustida hokimiyatga kelgan Tolibon xalqaro hamjamiyatdan iqtisodiy yordam kutmoqda, AQShdan muzlatilgan 10 milliard dollarni topshirishni so’ramoqda. Tolibongacha asosan xalqaro donorlar hisobiga faoliyat yuritgan mahalliy iqtisodiyot sanksiyalar va Tolibon hukumatining xalqaro sahnada tan olinmayotgani ta’sirida kun-sayin yomonlashmoqda.

BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash idorasi hisobiga ko’ra, afyun savdosidan tushayotgan daromad afg’on iqtisodiyotining 11 foizini tashkil etadi.

Tolibon hokimiyatga kelgunga qadar afyun dehqonlariga soliq solib pul qilgan. Mutaxassis Deyvid Mensfild taxminicha, toliblar 2020-yilda afyun solig’idan 20 million dollar daromad ko’rgan. Biroq harakat giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligini rasman inkor etib keladi.