AQSh harbiylari Afg’onistondagi Bagram bazasida yil boshida Qur’on yoqilgani yuzasidan tergov o’tkazib, yetti askar jazoga loyiq deya tavsiya qilgan.
Gap jinoiy emas, ma’muriy jazo haqida ketmoqda, xususan, maoshdan ayirish, ogohlantirish berish kabilar haqida va tugal qaror bir necha haftadan so’ng ma’lum bo’ladi.
Fevral oyida NATO, Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti zobitlari to’p-to’p kitoblar, xususan, Qur’on nusxalarini yondirmoqchi bo’lgan, biroq afg’on xizmatchilari ularni to’xtatib qolgan edi. Alyans harbiylarining izohicha, bazadagi mahbuslar diniy kitoblar yordamida o’zaro noma almashgan.
Voqea Afg’oniston va Pokiston jamoatchiligini junbushga keltirib, namoyishlarga sabab bo’lgan. Amerika prezidenti Barak Obama hodisa uchun Afg’oniston ahli va prezidenti Hamid Karzaydan uzr so’rasa-da, NATOga hujumlar taxminan 30 harbiyni hayotdan olib ketib, koalitsiya va mahalliy armiya orasi keskin sovuqlashdi.
AQSh va afg’on tomoni mart oyida qo’shma tekshiruv o’tkazib, askarlar diniy asarlarni yoqishga uringani rost, lekin gap hurmatsizlik, muqaddas kitoblarni atayin harom qilish haqida ketmayapti, deya xulosa qilgan edi.
Bugun Afg’oniston sharqidagi portlash kamida 16 fuqaroni hayotdan olib ketgan. Rasmiylarning aytishicha, Xost shahrida motosikl mingan odam harbiylar yaqinida o’zini portlatgan. 30 kishi jarohat olgani ma’lum.
O’lganlar orasida oddiy fuqarolar, politsiyachi, xorij askarlari, ayollar va bolalar bor, deydi NATO mutasaddilari. Hujumni kim amalga oshirgani ma’lum emas. Xost shahri Pokistonning al-Qoida va Tolibon faol Shimoliy Vaziriston mintaqasiga qo’shni.