AQSh va unga ittifoqchi davlatlar qo’shinlarini Afg’onistondan chiqara boshlar ekan, ba’zi afg’onlar zo’ravonliklarning kuchayishi va Tolibonning hokimiyatga qaytishidan xavotirda. Ammo boshqalar bunga befarq.
Your browser doesn’t support HTML5
“Xorijiy qo’shinlarning ketishi kundalik hayotimizga ta’sir qilmaydi. Amerikaliklar somsalarimni sotib olmaydi, afg’onlar oladi. Menga farqi yo’q”, - deydi Nur Ahmad ismli kobullik.
AQSh va xorijiy askarlar mamlakatni tark etganidan so’ng xavfsizlikni ta’minlash butunlay afg’on kuchlari zimmasiga tushadi.
Bundan ayniqsa ayollar xavotirda.
“Xalqaro hamjamiyat bizni himoya qiladi degan umiddaman. Eski kunlar qaytishidan qo’rqamiz”, - deydi o’zini Mahbuba deb tanishtirgan bir ayol.
Eski kunlar afg’on ayollari uchun zulmatli bo’lgan, huquqlaridan ayirgan. Bugun afg’on ayollarini ko’p sohalarda ko’rish mumkin. Ilm olish, ishlash imkoniyatiga ega. Xalqaro hamjamiyat xorijiy kuchlar ketganidan so’ng ham Afg’onistonga yordam berishini bildirgan.
O’tgan bir yilda Tolibonning xavfsizlik kuchlari va hukumatga hujumlari kuchaygan, tinchlik muzokaralari esa turib qolgan.
Aholi orasida mahalliy armiya va politsiya Tolibonga bas kela olmaydi degan fikr mavjud. Ba’zi AQSh rasmiylari ham harbiy to’qnashuvlar kuchayib, shaharlar Tolibon hujumlariga dosh bera olmasligidan xavotirda.
Hukumat bunday xavotirlarga barham berishga harakat qilyapti. O’tgan hafta jurnalistlarga maxsus harbiy qismlar joylashgan bazani ko’zdan kechirishga ruxsat berildi.
“Qattiq janglarga tayyormiz. Oxirgi nafasimizgacha jang qilamiz va terrorchilarni yo’q qilamiz”, - deydi maxsus kuchlar qo’mondoni general Haybatulla Alizoda.
Bunday balandparvoz gaplar oddiy afg’onlar va ayniqsa yoshlarga dalda bo’la olmayapti. Tolibon bilan ixtilof siyosiy muzokaralar orqali barham topsa ham so’nggi 20 yilda qo’lga kiritilgan huquqlar bu kelishuv qurboni bo’ladi degan xavotir mavjud.
Tolibon hukmronlik qilgan 1990-yillarga qaytishni hech kim istamaydi.
Kundalik tashvishlarga cho’mgan aholi Ramazon hayitiga sovg’a-salom olish bilan band ekan, sirtki normallik mavhumlashayotgan kelajakdan xavotirlanayotgan odamlar sarosimasini yashirmoqda.