Prezident Donald Tramp Afg’onistondan harbiylarni to’liq olib chiqish istagini bildirmoqda, biroq sana bo’yicha bir qarorga kelmagan.
“19 yildan beri o’sha yerdamiz, menimcha yetadi. Xohlasak, doim qayta olamiz”, - deydi AQSh rahbari.
“CNN” telekanali mudofaa tizimidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, qo’mondonlar Afg’onistondagi qo’shin sonini rejadagidan oldin kamaytirish yo’llarini muhokama qilmoqda. Bunga sabab – Tramp noyabrdagi saylovdan oldin askarlarni uyga olib kelishga buyruq berishi mumkin. 2016-yilda u shunday va’da bergan.
2020-yilning fevralida Tolibon bilan imzolangan kelishuvga ko’ra, AQSh Afg’onistonda 13 ming sonli qo’shinni avvaliga 8600 ga kamaytirishi, qolganlari 14 oy ichida mamlakatni tark etishi kerak.
Kobuldan munosabat
Kobul aholisi, xususan, mahalliy tahlilchilar AQShning masalaga mas’uliyat bilan yondashishini istaydi. Agar xorijiy qo’shin tinchlik tiklanmasdan olib chiqilsa, deydi ular, Afg’onistonda navbatdagi fuqarolik urushiga olib keladi.
Siyosiy tahlilchi Nozin Samunning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Prezident Tramp o’z xalqiga qo’shinni Afg’onistondan chiqarish qarori qat’iy ekanini ko’rsatmoqchi. Oq uy, shuningdek, tinchlik muzokaralari natija berishiga ishonadi, deydi u.
Ko’pgina kobulliklar Trampning qarorini tushunishini aytmoqda, lekin ular fikricha AQSh hukumati Afg’onistonga harbiy va moliyaviy ko’makni davom ettirishi lozim. Kobulda yashovchi Toj Muhammadga ko’ra, Vashington Tolibon bilan erishilgan bitimdagi sanaga rioya qilishi kerak.
Yana bir kobullik, Hamidulla deydiki, Afg’onistonda nizolashayotgan guruhlar til topishmasidan oldin xorijiy qo’shinlarni chiqarish mamlakatga zarba bo’ladi.
Sulh
Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasidagi uch kunlik sulh yakuniga yetganidan keyingi 14 soat ichida mamlakatda xavfsizlik bilan bog’liq biror jiddiy hodisa qayd etilmagan. Ammo Mudofaa vazirligi xulosa qilishga shoshmayapti.
Afg’oniston Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Javid Faysal toliblar sulhni uzaytirishiga umid bildirdi. Bunga zamin yaratish uchun hukumat yana 900 tolibni ozod etgan. Zo’ravonlikni kamaytirish harakatlari davom etsa, Faysal yanada ko’proq mahbuslar ozodlikka chiqishini bildirmoqda.
Tolibon so’zlovchisi Suhayl Shahin hukumatning ushbu qadamini olqishlab, harakat asirda saqlayotgan ko’plab askarlar ham yaqin orada qo’yib yuborilishini e’lon qildi.