Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’anining aytishicha, mamlakat xavfsizligi AQSh qo’shinlarining tark etishi natijasida yomonlashib bormoqda va vaziyatni nazoratga olishga 6 oygacha vaqt ketishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
G’ani bu haqda parlamentning qo’shma sessiyasida so’zlagan. U afg’on siyosatchilarini Tolibonga qarshi birlashishga chaqirdi.
“AQSh qo’shinlarini chiqarish qarorini keskin qabul qimaganida bunday ahvolga tushib qolmasdik”, - dedi Ashraf G’ani.
So’nggi oylarda hukumat 150 dan ortiq tumanni toliblarga boy bergan.
“Fitnachilarni kelasi 6 oyda yo’q qilish uchun zarur tayyorgarliklar ko’rildi”, - dedi prezident.
G’anining aytishicha, Tolibon muzokara orqali kelishish o’rniga zo’ravonlikka qo’l urdi. Islomiy harakat o’z bayonotida “G’anining davri o’tdi” deya izoh berdi.
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda siyosiy kelishuv tarafdori, biroq toliblarning ba’zilari hokimiyatni kuch bilan tortib olishga qaror qilgan.
“Toliblar biz bilan gaplashganda mojaroga harbiy yechim yoq’ligini tan olishadi, biroq ba’zilari shu yo’ldan borishni afzal ko’ryapti”, - deydi Xalilzod.
Afg’onistonlik tahlilchilarga ko’ra, Tolibon siyosiy kelishuvdan manfaatdor emas.
“Vaqt Tolibonning "biz shaharlarga hujum qilmaymiz" degan da'vosining haqiqatdan uzoq ekanini isbotladi. Bu bir taktik harakat edi”, - deydi Muhammad Naim G’ayur.
Jangarilar Hirot, Qandahor va Lashkar-Goh shaharlariga hujumlarini davom ettirarkan, hukumat ularning hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo’layotganini da’vo qiladi. Ammo shu bilan birga, Lashkar-Gohdagi 10 tumandan 9 tasi toliblar qo’lida. Bugun Afg’oniston aviatsiyasi AQSh yordamida jangarilarga havodan zarba bergan.
Bu o'rtada Qo’shma Shtatlar Amerikaga yordam bergani uchun Tolibon tomonidan jazolanishi mumkin bo’lgan afg’onlar uchun Amerikada qochqinlik maqomini olish imkoniyatlarini yengillashtirmoqda.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, AQSh hukumati, NATO harbiy missiyasi, Amerikaga aloqador nodavlat tashkilotlarga yordam bergan yoki Amerika moliyalagan loyihalarda ishlagan minglab afg’onlar va ularning oilalari endilikda siyosiy boshpanaga ariza berishi mumkin.
“Ularga yordam berish uchun, jumladan Amerikaga kelishlarini osonlashtirish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz. Qo’shni mamlakatlarda qochqinlik yoki muhojirlik maqomini olmoqchi bo’lgan odamlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida nafaqat Afg’onistonning o’ziga, balki boshqa davlatlarga ham o’ta sezilarli miqdorda gumanitar yordam beryapmiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Unga ko’ra, maxsus viza dasturining kengaytirilishi o’ziga yarasha qiyinchiliklar tug’dirishiga qaramasdan Qo’shma Shtatlar afg’on hamkorlari oldidagi majburiyatlarini juda jiddiy qabul qiladi.
AQSh 20 yillik harbiy amaliyotdan so’ng qo’shinlarini chiqarishini e’lon qilishi ketidan toliblar hujumlarga zo’r berib, bir necha oyda mamlakatning salkam yarmini o’z nazoratiga oldi.