Afg’oniston poytaxti Kobul Tolibon harakatiga jangsiz taslim bo’ldi. Mamlakat Prezidenti Ashraf G’ani xorijga qochishi ketidan uning o’rinbosari Abdulla Abdulla va sobiq prezident Hamid Karzay boshchiligidagi maxsus kengash hokimiyatni Tolibonga topshirish bilan shug’ullanmoqda. G’anining qayerdaligi noma’lum. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, u Tojikistonga qochgan, boshqa xabarlar O’zbekistonga qochganiga ishora qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
G’anining ijtimoiy sahifalar orqali ma’lum qilishicha, u qon to’kilishlarining va Kobulning vayron bo’lishining oldini olish maqsadida ketishga qaror qilgan. Rus matbuotiga ko’ra, G’ani bir necha avtomobil va vertolyot to’la naqd pul bilan qochgan.
Kobulliklar vahimada Afg’onistonni tark etishga shoshilmoqda. Kobul xalqaro aeroporti odamlar bilan to’lgan. Tolibon ketmoqchi bo’lganlarning yo’lini to’smaslikka, aholining uyiga kirmaslikka, hukumat va xorijiy kuchlar bilan ishlagan fuqarolarni jazolamaslikka so’z bergan.
60 dan ortiq mamlakat qo’shma bayonot chop etib, Tolibondan Afg’onistonni tark etmoqchi bo’lganlar yo’liga g’ov bolmaslikka chaqirdi.
Tolibon rahbariyatiga ko’ra, xorijiy qo’shinlar mamlakatni tark etishi bilan yangi hukumat shakllanadi.
Tolibon urush to’xtaganini, mamlakat bo’ylab tinchlik o’rnatilganini e’lon qildi. Tolibon rahbarining o’rinbosari Mulla Birodar afg’on xalqi va mujohidlarni buyuk g’alaba bilan tabrikladi.
Tolibon bir haftada butun mamlakatni o’z nazoratiga oldi. Yillar davomida milliardlab dollar hisobiga AQSh tayyorgarligidan o’tgan milliy armiya va politsiya bunga qarshilik ko’rsata olmadi.
Ayrim siyosatchilar qochgan davlat rahbarini xoin deb atadi.
Qo’shma Shtatlar elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishda davom etarkan, Bayden ma’muriyati Amerika qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarish qarorini himoya qildi.
“Prezident Amerika uchun bu urushni tugatish, Afg’onistondagi fuqarolar urushidan chiqish, dunyoning boshqa nuqtalaridagi manfaatlarimizga e’tibor berish va ularni olg’a surish vaqti keldi degan qarorga keldi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Respublikachi qonunchilar Baydenning bu qarorini tanqid qildi. Ba’zilari esa aybni sobiq prezident Donald Trampga yukladi. Aynan Tramp qo’shinlarni 2021-yil mayigacha chiqarishga ahd qilgan edi, Bayden esa bu muhlatni avgustgacha ko’chirgan.
Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel “dunyodagi terrorchilar va Amerika dushmanlari qudratli mamlakatning sharmandali taslim bo’lishini tomosha qilyapti” deya bayonot chiqardi.
“Bu qaror bizning nafaqat Afg’onistondagi, nafaqat terrorga qarshi urushdagi, balki Amerikaning dunyodagi roliga ham salbiy ta’sir qiladi. Raqiblarimiz bizni qo’rqita olishini bildi, ittifoqchilarimiz esa bizga bo’lgan ishonchga shubha bilan qaray boshladi”, - deydi respublikachi senator Liz Cheyni.
Ko’plar Tolibon 1990-yillardagi qattiqqo’l boshqaruvni qayta joriy etishidan xavotirda ekan, Entoni Blinkenning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga yordam berishda davom etishi, Tolibon esa asosiy huquqlarni himoya qiluvchi hukumat tuzishi kerak.
“Agar ular bunday qilishmasa, Afg’oniston dunyoda yakkalanib qoladi”, - dedi Blinken.
Iyul oyida o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, har 10 amerikalikning 7 nafari Baydenning qo’shinlarni chiqarish qarorini qo’llab-quvvatlagan edi. Biroq Afg’onistonda vaziyat keskin o’zgarib, hokimiyat toliblar qo’liga o’tishi ketidan amerikaliklar orasida bu masalaga munosabat o’zgaradimi, yo’qmi, keyingi so’rovlarda ma’lum bo’ladi.
Tolibon Kobuldagi elchixonalar, diplomatik vakolatxonalar va xorijliklarga xavf solinmasligiga urg’u berib, mamlakat bo’ylab xavfsizlik va tartib o’rnatilishini bildirdi.
Strong Taliban presence in Kabul as militants start collecting civilians' weapons
Tolibon qurolli qarshilikning oldini olish maqsadida aholidan qurollarni yig’ib olmoqda.
Xususan Tolibon jangarilari bugun “Tolo” televizion kanali studiyalariga kirib, hukumat kanal xavfsizligi uchun tarqatgan qurollarni terib olgan. Tolibon bundan keyin xavfsizlikni o’zi ta’minlashini va qurollarga ehtiyoj bo’lmasligini bildirdi.
AQSh va BMTga ko’ra, o’tgan hafta olingan xabarlardan ma’lum bo’lishicha, toliblar taslim bo’layotgan hukumat askarlarini qatl etmoqda.
Ayrim mamlakatlar Afg’onistonda hokimiyatning Tolibon qo’liga o’tganini turlicha izohlamoqda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi buni afg’on xalqining xohishi va tanlovi deb atadi.
Vazirlik so’zlovchisi Xua Chunyinning aytishicha, Pekin Tolibon bilan aloqada, ulardan har qanday terrorchi va jinoiy harakatlarga barham berishni so’ragan.
Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollasning aytishicha esa, agar Tolibon berayotgan va’dalari va so’zlariga amal qilsa, ularning hukumatini tan olsa bo’ladi.
"Muvaffaqiyatsiz mamlakatlar terrorizm va ocharchilik o’chog’iga aylanadi. Shuning uchun ularga yordam berishimizga imkoniyat bo’lishi lozim. Agar Tolibonning so’zlari amallariga to’g’ri kelsa, bunday hukumatni tan olish zarurati tug’ilishi mumkin”, - dedi britan vaziri.
Uollas bungacha Tolibonni tan olmaslik kerak deb kelgan edi.