Afg’onistonda AQSh 10 mingga yaqin askar qoldiradi

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obamaning qaroriga ko’ra, shu yil oxirida Afg’onistonda bir necha ming askar qoladi va 2016-yilda ular ham mamlakatni tark etadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika AQShda 9800 askar qoldiradi - Navbahor Imamova


Afg’onlar shu kunlarda yangi prezidentni saylash arafasida. Vashington xavfsizlik va taraqqiyot masalalarida yangi rahbar bilan ishlashga tayyor.

“2015-yilning boshida Afg’onistonning turli qismlarida taxminan 9,800 zobitimiz qoladi. NATO bo’yicha ittifoqchilarimiz bilan birga xizmatni davom ettirishadi”, - deydi prezident.

Obama rahbarlikka kelibdiki, Afg’onistondan qo’shinlarni bosqichma-bosqich olib chiqishini aytib keladi. Ammo siyosiy tahlilchi Liza Kurtis fikricha, bu davlatda qolishi rejalangan zobitlar soni yetarli emas.

“9,800 - bu Afg’onistondagi vazifalarni bajarish uchun zarur eng oz miqdor. Mahalliy armiyani treningdan o’tkazish, aksil-terror missiyalarni amalga oshirish shular jumlasidan”.

Ayrim ekspertlar nazarida esa afg’on qurolli kuchlari ittifoqchi davlatlar yordami bilan xavfsizlikni o’zi uddalashga qodir. Umar Samad – Afg’onistonning Fransiya va Kanadada elchisi bo’lgan:

“Afg’oniston hukumati va xavfsizlik kuchlari mamlakatni mudofaa eta olishiga ishonaman. Lekin ular zarur qurol-anjomlar bilan ta’minlanishi lozim. Yodingizda bo’lsa, NATOning 2012-yili Chikagoda o’tgan anjumanida katta va’dalar berilgan. Nafaqat armiyani balki politsiya hamda havo kuchlarini qo’llab-quvvatlash haqida bayonotlar yangragan o’shanda”, - deydi u.

Prezident Obamaning ta’kidlashicha, AQSh harbiylarining 2014-yildan keyingi roli va vazifalari o’zaro kelishuvda o’z aksini topadi. Afg’oniston hukumati hujjatni imzolasagina, bu haqda gapirish mumkin.

Prezidentlik uchun kurashda ikki asosiy nomzod - Abdulla Adbulla va Ashraf G’ani kelishuvga qo’l qo’yishga tayyor. Afg’onistonning sobiq ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu borada shunday dedi:

“Amerikalik zobitlar qoladigan bo’lsa, ularning asosiy vazifasi mahalliy kuchlarni treningdan o’tkazish va maslahat berish bo’ladi”.

Tolibon xavfi haqida bong urayotganlar ham bor. AQSh yordam bermasa, tarix takrorlanadi, deydi tahlilchi Liza Kurtis.

“1989-yilni bir yodga oling. Amerika mintaqani o’z holiga tashlab qo’ygan va oqibatda islomiy ekstremistlar bo’shliqni to’ldirgan. Tolibon hokimiyatni qo’lga olgan shundan keyin”.

Afg’onistonda qancha xalqaro qo’shin qolgani ma’qul, degan savolga hamma har xil javob beradi. Shunisi aniqki, mamlakat kelajagini bu xalqning o’zi hal qiladi, xavfsizligini ham o’z armiyasi ta’minlashi kerak.