Afg'onistonda o'zbeklarning siyosiy faolligi oshmoqda

Afg'onistondagi o'zbeklar yetakchisi general Abdurashid Do'stum (chapda) prezidentlikka nomzod Ashraf G’ani Ahmadzay (markazda) bilan, Kobul, Afg'oniston.

Afg’onistonda o’zbeklarning jamiyat ijstimouy-siyosiy hayotida faol ishtiroki yillar davomida sezilmagan bo’lsa-da, so’nggi paytda ular o’zlarini ancha tiklab, siyosiy jihatdan faollashgani kuzatilmoqda. Ular orasidan bir nechta vazir va hokimlar chiqqan.

Ushbu mavzu bo'yicha biz “Milliy islomiy junbish partiyasi” rahbari va prezidentlikka nomzod Ashraf G’ani Ahmadzay o’rinbosari general Abdurashid Do’stumning so’zlovchisi bilan suhbatda bo’ldik.

Doktor Inoyatulloh Bobur Farahmand

Doktor Inoyatulloh Bobur Farahmandga ko’ra, o’tgan ikki prezidentlik saylovlarida o’zbeklar ulkan rol o’ynadi.

“Xursandmizki, bu safar “Afg’oniston milliy islomiy Junbish partiyasi” rahbari general Do’stum Ashraf G’anining birinchi muovini… Buning o’zi Afg’onistonda bo’layotgan katta bir o’zgarishni ko’rsatadi, chunki o’zbeklar ikki davrda ezilib kelgan bir xalq. Hisobotlarga qaraganda, biz kuchli bir guruh”, - deydi Farahmand.

Farahmand saylov qonuniga asosan targ’ibot boshlanib, uzoq-yaqin joylarda tadbirlar o’tayotganini aytadi. O’zbeklarning qiziqish va intilishlari kuchli, xalqning siyosiy faolligi oshgan, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonda o'zbeklarning siyosiy faolligi oshmoqda


U hozirgi prezident Hamid Karzayni qudratda qolish uchun urinayotganlikda ayblaydi.
“Bizga eng muhimi saylov. Albatta, bu saylov tahdiddan ham uzoqda emas, Tolibon va boshqa qarshi guruhlar hatto hozirgi hokim ham, biror bahona bilan bu saylovni yo’qqa chiqarishga harakat qiladi”, - deydi Farahmand.

Arbobga ko’ra, xavfsizlik muammolari sabab ayrim joylarda saylov bo’lib o’tmasligi mumkin, lekin bu muammolarni bartaraf etmoq zarur.

General Abdurashid Do'stum

U Amerikaning xavfsizlik bitimiga bog’liq so’nggi qaroridan xursand.

“Amerika bu bitimni Karzay imzolamasa, yangi rahbar bilan imzolash mumkin degan. Bu bizni umidvor qildi. Bundan oldin agar Karzay xavfsizlik bitimini imzolamasa, 12 yil mobaynida qo’lga kelgan yutuqlar yer bilan yakson bo’lishidan xavotirda edi xalq”, - deydi Junbish partiyasi so’zlovchisi.

Yana uning aytishicha, bitim imzolanishi Amerikadan ko’ra Afg’oniston uchun ko’proq muhim. Lekin Karzay bu bilan o’z shaxsiy manfaatini o’ylamoqda.

“Qudratda qolish Karzayning asosiy istagi. Agar bunday bo’lmasa, u himoya qiladigan odamni Amerika himoya qilishini xohlaydi. Lekin Karzay ikki davr hukumatda ishonchni oqlay olamadi. O’zidan qoldirgan merosi – korrupsiya va o’ziga yaqin odamlarning cho’ntagini to’ldirgani. Shuning uchun Amerika hukumati, xalqaro hamjamiyat va Afg’oniston xalqini tanqid qilib kelmoqda. Lekin Karzayning shaxsiy istagini ikki tomondan ham hech kim fosh etishga jasorat qilgani yo’q”, - deydi Farahmand.

Farahmand qo’shni davlatlarni Afg’onistonning ichki masalalariga aralashayotganlikda ham ayblaydi.

“Ochiq dushmanlarimizdan biri Pokiston. Tolibon ushbu mamlakat chegarasida tarbiya topadi va hanuz shu yerdan himoya oladi. Garchand buning o’zini Pokiston tan olmasa ham, bu hammaga ma’lum bir gap. Tolibonning markazi o’sha yerda, xudkush hujumlar rejasi o’sha yerdan turib tuziladi”, - deydi doktor Farahmand.

Arbob kelajakdan umidvor, yangi prezident barqarorlikni ta’minlashi kerak, deydi u.