Afg’onistonda 23-fevraldan koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlandi. Ilk emlash prezident saroyida o’tkazildi. Kampaniyaning birinchi bosqichida xavfsizlik kuchlari, tibbiy xizmatchilar, muxbirlar emlanadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Mamlakatga 500 ming dona Britaniyaning “AstraZeneka” kompaniyasi tayyorlagan vaksina yetkazilgan. Ushbu vaksina rivojlanayotgan davlatlar uchun Hindistonda ishlab chiqarilmoqda.
Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani vaksinani aholi orasida teng taqsimlashga chaqirdi. Birinchi bosqichda 250 ming odam emlanadi.
Odatda emlash amaliyotiga qarshi chiquvchi Tolibon koronavirusdan vaksinaga e’tiroz bildirgani yo’q.
Toliblar sentabr oyidan beri hukumat bilan mamlakat kelajagi bo’yicha muzokara qilmoqda. Shunga qaramay, Afg’onistonda zo’ravonliklar davom etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining hafta boshida chop etilgan hisobotidan ma’lum bo’lishicha, tinchlik muloqoti boshlanganidan beri tinch aholi orasida qurbonlar va yaradorlar soni keskin oshgan.
Afg’oniston hukumati 38 millionlik aholisi uchun vaksinaning 20 foizini “KOVAKS” dasturi orqali olmoqchi. Xalqaro dastur rivojlanayotgan davlatlarni, vaksinaga buyurtma berishga ulgurmagan yoki puli yo’q mamlakatlarni vaksina bilan ta’minlashni maqsad qiladi.
Bu mamlakatda virus yuqtirganlar soni shu kunga qadar rasman 55 mingdan oshgan bo’lsa-da, kuzatuvchilar asl vaziyat bundan ancha yomon ekanini taxmin qilmoqda, chunki koronavirusga testlar sust bo’lib, tibbiy muassasalar nochor ahvolda.
"Koronavirus xavfidan xalos bo’lmadik hali. Afsuski, virusning yangi turlari kelib chiqmoqda. Niqob taqishga, ijtimoiy masofani saqlashga jiddiy e’tibor berishimiz kerak”, - deydi Prezident G’ani.