Amerika qo’shinlari Afg’onistonning Vardak viloyatidan chiqadi

  • Amerika Ovozi
AQSh armiyasi Afg’oniston sharqidagi Vardak viloyatini sekin-asta tark etishi kutilmoqda. Ularning o’rnini mahalliy qo’shinlar va politsiya egallaydi.

Vashington va Kobul nihoyat shunga kelishib olgan, deydi general Jozef Danford.

Amerikalik askarlar tinch aholini qiynoqqa solib, o’ldirgani haqidagi da’volar ketidan prezident Hamid Karzay AQShdan hududni tark etishni talab qilgan edi.

Qo’shma Shtatlar ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi va Vardak viloyatidan shoshilinch ravishda chiqish xatarli ekanini ta’kidlayotgan edi.

Kobuldan bor-yo’g’i 25 kilometr uzoqlikda joylashgan bu mintaqa toliblar qo’liga tushib qolsa, poytaxtga hujum qilish osonlashadi, deya ogohlantirgan Amerika tomoni.

Koalitsiya so’zlovchisi Gyunter Katsning dushanba kuni aytishicha, NATO Vardak viloyatini oxir-oqibat afg’onlar zimmasiga topshiradi, biroq avval mahalliy rasmiylar xavfsizlik yuzasidan puxta reja bilan chiqishi kerak.