Afg'oniston iflos havo qurboniga aylanmoqda

  • Amerika Ovozi

2020-yilda Afg’onistonda minglab odam havo ifloslanishi bilan bog’liq kasalliklardan nobud bo’ldi. Ba’zilar buni 19 yillik urushdek halokatli deya ta’riflamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 22-yanvar, 2021-yil

6 million aholiga ega poytaxt Kobul Dehli yoki Pekin kabi dunyoda havosi eng iflos shaharlardan biridir.

Xalq koronavirus pandemiyasi bilan olishar ekan, havoning mavsumiy ifloslanishi bu gal xavfliroq ekani aytilmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi so’zlovchisi Ma’suma Jafariyning aytishicha, 2020-yilda havoning ifloslanishi oqibatida vujudga keluvchi kasalliklar qatorida yurak va o’pka xastaliklaridan 5000 ga yaqin odam vafot etgan.

Unga ko’ra, bu qurolli to’qnashuvlar va boshqa holatlarda qayd etilgan o’lim hollaridan ancha ko’pdir.

Kobuldagi Indira Gandi nomli bolalar kasalxonasida havoning ifloslanishi natijasida hosil bo’luvchi kasalliklarga uchragan bolalarga joy yetishmayapti. Ba’zi palatalarda bir yotoqni ikki bemor baham ko’rishga majbur.

Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, mamlakatda salkam 55 ming odamda koronavirus aniqlangan, 2300 dan ziyodi o’lgan. Biroq virus yuqtirish va undan nobud bo’lish hollari aslida bundan-da ko’proq ekani aytilmoqda.

“Qish mavsumida havoning ifloslanishi kattariq muammolarga olib keladi. Masalan, koronavirus pandemiyasining yomonlashishiga sabab bo’ladi. Chunki odamlar kasallanib nafas olishga qiynalsa va shu bilan birga, yana koronavirusga ham uchrasa, salomatligi og’irlashishi mumkin. Koronavirusning ikkinchi to’lqinida o’lim hollari yanada ko’proq bo’lishi mumkin”, - deydi Jafariy.

Aholiga niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash tavsiya etilmoqda. Havoning iflosligi ham niqob taqishni taqozo etadi.

“Niqob taqmasam, nafas olishim qiyinlashadi, hatto bosh og’riq paydo bo’ladi, qusaman”, - deydi kobulliklardan biri.

Kambag’al odamlar isinish uchun uyda ko’mir, chiqindi, plastik va rezina jismlarni yoqadi. Hammomlar va novvoyxonalarda ham shu ahvol.

Ko’p qavatli uylarning ba’zilarida sanitariya tizimi yaxshi ishlamaydi, chiqindilar yo’l cheti yoki trotuarlarda yotadi.

Aksariyat odamlar o’z uyida zaharlanadi. Bolalar va qariyalar ayniqsa tez kasal bo’ladi.

Biroq mamlakat xavfsizligini ta’minlash bilan ovora hukumat uchun ekologiya muammolari ustuvor vazifa emas.

“40 yillik urush natijasida hukumat uchun eng muhim vazifa, asosan, xavfsizlik bo’lib qoldi. Urushlar, beqarorlik ham atrof-muhitga zarar ko’rsatyapti”, - deydi muhandis Naik Muhammad.