Vashingtonda Afro-amerikaliklar tarixi va madaniyati muzeyi ochilmoqda

  • Amerika Ovozi

Afro-amerikaliklar tarixi va madaniyati muzeyi, Vashington shahri

Shu hafta Vashingtonda Afro-amerikaliklar tarixi va madaniyati muzeyi ochiladi. Kenja Jorj Bush prezidentligi paytida boshlangan loyihani ishga tushirish uchun 13 yil ketdi. Yangi milliy muzey AQShning Smitson muzeylar majmuasi tarkibiga kiradi.

“Muzeyda tasvirlangan o’tmish bugungi dunyoni tushunishga yordam beradi”, - deydi kurator Lonni Banch.

Qora tanli amerikaliklar tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi muzey ham ana shu maqsadni ko’zlaydi.

“Kim bo’lishingizdan qat’i nazar, bu sizning ham tarixingiz. Muzey oilangiz, uning ozodlik yoki fuqarolik uchun kurashini hikoya qiladi", - deydi Banch.

“Muzey Amerika tarixiga yangidan nazar tashlaydi, inqilobiy voqea bu”, - deydi huquq himoyachisi Jessi Jekson.

Qora tanlilar Amerika qit’asiga qul sifatida olib kelingan. Ko’plari mashaqqatli yo’lda nobud bo’lgan.

“Biz bu mamlakatni ko’tardik, 246 yil davomida qul edik. Qulligimiz tarixi erkinligimiz tarixidan ham uzun”, - deydi faol.

Muzeyda qullik davrini his etish mumkin.

“Qullarning yashash sharoiti og’ir bo’lgan. Agar Janubiy Karolinaning chekka qishloqlariga borgan bo’lsangiz, sonsiz chivin va hasharotlarni ko’rsa bo’ladi, jazirama issiq. Qullar yashagan kulbalarda ilonlar bo’lgan”, - deydi Smitson institutidan Nensi Berko.

Qullik rivojlangan janubiy shtatlarda irqiy ajratish kuchli bo’lgan.

“Oq tanli bo’lsangiz, jamoat transportiga bilet sotib olib, oqlar uchun ajratilgan joylarda o’tirardingiz, qora tanlilar uchun alohida joylar bo’lardi. Oq tanlilar uchun o’rindiqlar ancha yaxshi edi”, - deydi Smitson instituti xodimi Richard Kurin.

Muzeyda 1960-yillargi Fuqarolar huquqlari uchun harakat haqida ham o’rgansa bo‘ladi.

Qora tanlilarning musiqa san’atiga qo’shgan hissasiga bag’ishlangan bo’limlari ham bor.

Afro-amerikaliklar sport musobaqalarida qatnashishga ruxsat olganida katta zafarlar qozona boshladi.

“Maydon ochiq bo’lsa, qoidalar ravshan bo’lsa, tomoshabinlar ulardan xabardor bo’lsa, hakamlar xolis ishlasa, hisob halol bo’lsa, biz yutib chiqamiz”, - deydi Jessi Jekson.

Fuqarolar huquqlari uchun kurash yolg’iz qora tanlilarga taalluqli emas.

“Afro-amerikaliklarning kurash uslubi tenglik uchun kurashgan boshqa guruhlarga qo’l keldi”, - deydi Jon Franklin, Smitson institutining yana bir xodimi.

Muzey eshiklarini omma uchun 24-sentabrda Amerikaning ilk qora tanli prezidenti ochib beradi.