AQSh Afg'oniston harbiy-havo kuchlarini oyoqqa turg'azmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Afg'oniston harbiy-havo kuchlarini oyoqqa turg'azmoqda

Amerikalik instruktorlar bir necha viloyatda afg'on harbiylarini vertolyotda uchish, uni ta'mirlash va yaradorlarga tibbiy yordam ko'rsatishga o'rgatmoqda.

Qo'shma Shtatlar Afg'oniston harbiy-havo kuchlarini yaratib, oyoqqa turg'azishda katta hissa qo'shmoqda. Xususan uchuvchilar, tibbiy xizmatchilar, mexaniklarni tayyorlashda. Amerika va koalitsiya harbiylari mamlakatni tark etganidan so'ng piyoda askarlarga jangda havodan madad bera oladigan harbiy tizim yaratish juda muhim.

AQSh harbiy-havo kuchlari mayori Mika Vest afg'on uchuvchilarini janubdagi Qandahor viloyatida tayyorgarlikdan o'tkazayotgan uch amerikalik instruktorlardan biri.

Harbiy-havo kuchlari mamlakat mudofaa tizimida muhim ro'l o'ynar ekan. Afg'oniston bu boradagi salohiyatini oshirishga zo'r bergan, Amerika esa bunda yordam bermoqda.

"Mamlakatning jug'rofiy joylashuvi sabab vertolyotni boshqara oladigan malakali kadrlarga ehtiyoj katta. Yo'llar kabi infratuzilmaning o'ta cheklangani, atigi bir dona yirik trassa bo'lgani uchun jangarilarga nishon tanlash ham oson", - deydi Mika Vest.

Vertolyot har safar havoga ko'tarilishidan oldin guruh mashg'ulot rejasini muhokama qiladi. Jarayon tarjimonlarsiz o'tmaydi. Instruktorlar afg'on shogirdlariga amerikalik uchuvchilar uchun eng muhim jihatlar - xavfsizlik va rejalash madaniyatini singdirmoqchi.

"Afg'onlarni qo'riqlashning o'zidan foyda yo'q. Hunar o'rgatishimiz, ularga as qotadigan, bor-yo'qligimizdan qat'iy nazar pishiq tizim yaratishimiz kerak", deydi AQSh mayori.

Serjant Deyvid Lara tibbiy xizmatchilarga saboq beradi. Yangi yollanganlarni ko'zdan kechirib, tajriba va saviyasini o'rganadi.

"Bu juda ham muhim vazifa. Piyoda askarlari uchun mediklar bo'ladi. Yaralansa, shikast yesa, yordam beradi. Jangchi sog'lom bo'lmasa, 100 foiz jang qila olmaydi. Askarlar oralarida malakali mediklar borligini bilsa, ko'ngli to'q bo'ladi. Yaralansa, jang maydonida qolib ketmasligini biladi. Psixologik tomondan bu juda muhim", - deydi AQSh serjanti.

Deyvid Lara mashg'ulotlarni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazib, zobitlarni har qadamda rag'batlantirib turadi.

Hayotullo Bahor Javozjaniy ham serjant. Afg'on harbiy-havo kuchlarida 4 yildan beri xizmat qiladi. Mana yarim yildirki, Deyvid Laraga vatandoshlarini tayyorgalikdan o'tkazishda yordam berib keladi.

"Mamlakatimning boshi urushdan chiqmay keladi. Unga yordam berish maqsadida qurolli kuchlar safiga qo'shildim. Og'ir kunlarda yordamim tegsin, deb dala shifokori bo'ldim", - deydi u.

Qandahorda faoliyat olib borayotgan instruktorlar mamlakatdagi bir necha guruhdan biridir. O'quv-mashg'ulotlar 18 oyga mo'ljallangan bo'lib, hozircha vertolyotni boshqarish o'rgatiladi, xolos. Biroq kelajakda dasturga samolyotlar ham kiritilishi ko'zda tutilgan.