AQSh havo kuchlariga talab katta, uchuvchilar kamyob

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh havo kuchlariga uchuvchi kerak

Iroq qo’shinlari o’tgan oy Musulni “Islomiy davlat”dan tortib olish harakatini boshlaganida Amerikaning “F-22 Raptor” qiruvchi samolyotlari ishga solindi. Uchuvchilar ham, albatta, amerikaliklar. Biroq AQSh havo kuchlari vatanda katta sinovlar bilan yuzlashmoqda.

Uchuvchilar hamisha xizmatga tayyor. Dunyoning qay burchagida bo’lmasin, safarbarlikka shay. Har bir zobit uzoq yillik tayyorgarlikdan o’tadi. Yangidan yangi texnologiya bilan tanishib boradi. Amerikaning serqirra mutaxassislari.

Lekin uchuvchilar bu mamlakatda kamayib bormoqda. “F-22” rusumidagi qiruvchi samolyotlarni boshqara oladiganlar oz. AQSh havo kuchlarida 3500 uchuvchi kerak. Lekin Pentagonning bildirishicha, 725 pilot yetishmayapti.

General-mayor Skott Vander Hemm va general-leytenant Jon Kuper vazirlikda ta’minot va texnika bo’yicha mas’ul.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda ular bugungi vaziyatni tasvirlab berdi. Bu inqiroz emas, yetishmovchilik, deydi ular.

“Uchuvchi kerak. Talabni qondirish uchun bizga puxta tayyorgarlikdan o’tgan pilotlar zarur. Hozirgi holatda jang maydonidagi qo’mondonlarni rozi qila olmaymiz”.

Amerika havo kuchlari dunyodagi eng qudratlisi

Aslida 2010-yilda Iroq va keyinchalik Afg’onistondagi urushlar rasman yakunlangach, uchuvchilar soni kamaytirilgan edi.

“Uchuvchilarimiz vatanga qaytgan edi. “Islomiy davlat”ga qarshi havo hujumlari boshlaymiz deb kutmagandik”, - deydi general Jon Kuper.

Langli-Yustis havo bazasida uchuvchilar tinimsiz xizmatdan toliqqanini aytadi. Ularning ruhi cho’kkan, charchashgan.

Podpolkovnik Baz:

“45 kunlik safarbarlik. Keyin esa 90 kunlik safarbarlik. 120 kunlik safarbarlik. Hozirda olti oy xizmatga ketamiz va u keyin bir yilga cho’zilishi mumkin, qay pog’onada ekaningizga qarab”.

Uchuvchilarni bezitgan boshqa sabablar ham bor. Qog’ozbozlik. Xizmatdan qaytgach, ular uzun hisobotlar yozishi, ma’muriy vazifalarni bajarishi kerak. Qolaversa, har kungi amaliy mashg’ulotlar ham bor.

“Uchuvchilar yetishmayotganini hammamiz bilamiz. Boridan foydalanishga harakat qilamiz. Mana bu yerda hamma jamul-jam. Kim qayerga boradi, nima qiladi, shu joyda bilib oladi. Amaliyotlar, manzil va maqsad”, - deydi podpolkovnik Baz.

Bu yil havo kuchlarida 135 yangi uchuvchi tayyorgarlikdan o’tmoqda. Biroq joriy yilda ruxsatnomasi yangilanishi kerak bo’lgan uchuvchilarning atigi 40 foizi bunga muvaffaq bo’lgan. Bu degani, pilotlar soni oshmaydi.

“Yangilarini o’qitamiz, charxlaymiz. Har yili shunday",- deydi general Skott Vonder Hemm.

Uchuvchilar ko’p hollarda tijoriy sohalarga o’tib ketmoqda. Aviakompaniyalar ularga kattaroq maosh va imtiyozlar taklif qiladi. Urush maydonidan tinch hayotga yo’l.

“O’zimga qolsa, xizmatni davom ettiraman. Lekin oilam talabi shuki, men endi iste’foga chiqib, boshqa ishga o’taman. Hozircha mayli deyishayapti, lekin kelajakdagi rejalarimni yaqinlarimning ko’ngliga qarab belgilayman”, - deydi mayor Jek.

Tom Xant 2013-yilda iste’foga chiqqan. Vashingtonda advokatlik qiladi. Uchuvchilikdan o’qishga, keyin yana ishga.

AQSh havo kuchlari uchuvchilarni ko’paytira oladi, deydi u.

“Sarmoya qilish kerak. Harbiy rahbarlarimiz bunga ishonmaydi. Agar uchuvchiga 500 ming dollar mukofot puli bersangiz, pilotlar yopirilib kelishadi, qani qayerga borib xizmat qilay deb", - deydi Xant.

Pentagon Kongressdan uchuvchilarning maoshiga 48 ming dollar qo’shishni so’ramoqda. 1999-yildan beri ularning yillik haqi bu qadar oshirilmagan. Qo’mondonlarning hisobicha, bu bilan ko’plab uchuvchilarni xizmatda ushlab turish mumkin, yangilarini yollash mumkin.

Hozircha amaliyotlarga yetarlicha odam topilayapti. Lekin bosim qattiq. Tizim yangicha ishlashga o’tishi kerak. Uchuvchilar bugun yangi avlod vakillari. Ularning talabi va qarashlarini hisobga olish zarur.

“Biz hozir hamma jihatlarini ko’rib chiqayapmiz va kerak bo’lsa, amaliyotlarda qatnashadigan uchuvchilar sonini qisqartiramiz”, - deydi general Vonder Hemm.

Qiruvchi samolyotni boshqarish o’lim bilan olishish demakdir. Har bir zobit qayoqqa nima uchun ketayotganini biladi. Tayyorgarlik eng muhim omil. Ularga ortiqcha bosim yoki talab kerak emas. Pentagon muammoni hal etish uzoq vaqt olishini biladi.