Avstraliyaning “AirSeed Technologies” biotexnologik startapi dronlar yordamida yiliga millionlab daraxt urug’larini ekib, o’rmon maydonlarini kengaytirmoqchi. Kompaniya bunga dron texnologiyasi, sun’iy idrok, havodan qobiqqa solingan urug’larni ekish orqali erishmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Har bir dronimiz bir kunda 40 mingdan oshiq urug’ qobig’ini ekadi, avtonom ravishda ucha oladi. Bu oddiy usuldan 25 marotaba tez va 80 foizga arzon”, - deydi kompaniya rahbari Endryu Uoker.
Urug’lar tuproq turi va joylashuvga qarab tanlanadi, uglerodga boy qobiqlar esa biomassa chiqindilaridan tayyorlanib, urug’ni qushlar, zararkunandalar va kemiruvchilardan himoya qiladi.
"Bu texnologiya yordamida yirik maydonlarda o’rmonlarni tiklash mumkin. Bu bilan tuproq salomatligi ta’minlanadi, tuproqdagi mikroblar tiklanib, hayvonot olami uchun tabiiy muhit yaratiladi”, - deydi Uoker.
Har bir urug’ning joylashuvi xotiraga kiritiladi, keyinchalik daraxt o’sib chiqqanda uning salomatligini baholash uchun.
“AirSeed Technologies” Janubiy Afrika va Avstraliyada 50 mingdan ortiq daraxt ekanini bildirarkan, 2024-yilgacha ularning sonini 100 millionga yetkazmoqchi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturiga ko’ra, har yili dunyoda o’rmonlar 7 million gektarga qisqarmoqda. Bu Portugaliya hajmiga teng maydondir.