Jazoirliklar namoyishga chiqib, qamoqdagi jurnalistlarni ozod etishni talab qildi

  • Amerika Ovozi

Mustaqil jurnalist Xolid Drareni martda hibsga olinishi ketidan

Jazoirda bir yil oldin yangi prezident saylanganiga qaramay, mamlakatdagi jurnalistlar matbuot erkinligiga qattiqroq cheklovlar qo’yilganidan shikoyat qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-sentabr, 2020-yil

Poytaxt Jazoirda shu hafta kuzatilgan namoyishlarda faollar uch yilga qamalgan mustaqil jurnalist Xolid Drarenini ozod etishga, so’z erkinligiga qo’yilgan cheklovlarni yumshatishga chaqirdi.

Drareni mart oyida hibsga olingan. U namoyish qo’zg’atib, milliy birlikka tahdid solayotganlikda ayblanmoqda. Uning ishi apellyatsiya sudiga oshirilgan. 15-sentabr kuni sud hukmi ma’lum bo’ladi.

Drareni 2019-yil aprelida mamlakatning ko’p yillik prezidenti Abdulaziz Buteflika iste’fosiga olib kelgan namoyishlarni yoritgan.

Internetda mustaqil yangiliklar sahifasiga asos solgan jurnalist Fransiya televideniyesining 5-kanaliga Jazoirdan muxbirlik qiladi, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Jazoirdagi vakili hamdir.

Hukumat mamlakatda vijdon mahbuslari yo’qligini, muxbirlarga qo’yilgan ayblovlar ularning kasbiy faoliyatiga aloqador emasligini bildirgan.

Mahbuslarni ozod etish milliy qo’mitasiga ko’ra, Jazoirning 25 viloyatida faoliyat yuritgan 45 faol siyosiy faoliyati tufayli hibsda saqlanmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining yillik jadvalida Jazoir matbuot erkinligi borasida 2020-yilda 146-o’rinni egallamoqda. Bu bir yil oldinga qaraganda 5 pog’ona past.