Almati yaqinida samolyot qulab, 21 odam halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Favqulodda xizmat mashinalari, Almati, 29-yanvar, 2013

Bugun Qozog'istonda yo'lovchi samolyoti qulab, 21 kishi halok bo'lgan. Voqea Almati viloyatining Qiziltu qishlog'iga yaqin hududda mahalliy vaqt bilan 13:13 da ro'y bergan.

"Ko'kshetau - Almati" yo'nalishi bo'yicha uchayotgan samolyotning nega qulab tushgani sabablari to'la aniq emas.

Halokat maydoni, Almati, 29-yanvar, 2013

Almati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan ma'lumotga ko'ra, qalin tuman bosgani uchun aeroportga qo'na olmagan samolyot ortga qayrilayotib yo'nalishini yo'qotgan.

Aeroportdan yetti kilometr uzoqlikkacha uchib borib, yerga qulagan. Ekipajning besh a'zosi va 16 yo'lovchining barchasi halok bo'lgan.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev halok bo'lganlarning oila a'zolariga ta'ziya izhor etib, baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish bo'yicha ko'rsatma bergan.

Bu Qozog'istonda o'tgan bir oy ichida ikkinchi marta samolyot qulashidir. Dekabr oyi oxirida O'zbekiston chegarasiga yaqin hududda harbiy samolyot qulashi oqibatida 27 odam halok bo'lgan edi.