AQSh maxsus elchisi: O'zbekiston diniy erkinlikni muhokama qilayotgani ijobiy o'zgarish

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh maxsus elchisi Syuzan Jonson-Kuk (Ambassador Suzan Johnson-Cook) yaqinda O’zbekistonga taklif qilindi.

Demokratiya va huquq masalalari uchun mas’ul diplomatlardan biri Tom Melia ham elchi bilan Toshkentga safar qildi. Davlat departamenti, AQSh tashqi ishlar vazirligi, O’zbekiston hukumati bilan diniy erkinlik bo’yicha muloqot boshlanganidan mamnun.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) nazarida esa respublikadagi ahvol ayanchli. Minglab fuqarolar aynan namozxon ekani uchun qamoqqa tashlangan, hukumat dindorlarga siyosiy xavf sifatida qaraydi, inson huquqlari muntazam ravishda buziladi, deyiladi tashkilotning bu yilgi hisobotida. Komissiya Obama ma’muriyatidan konkret choralar ko’rishni so’ramoqda. Xususan O’zbekiston bilan har qanday hamkorlikni cheklab, sanksiya va talablar qo’yishni. Davlat departamenti ta’biricha esa muloqot ijobiy o’zgarishlarga yetaklashi mumkin.

Elchi Syuzan Jonson-Kukni suhbatga chorladik.

Your browser doesn’t support HTML5

Ambassador Johnson-Cook-VOA Uzbek Navbahor Imamova - 4-16-12.Mp3



Syuzan Jonson-Kuk bu lavozimga o'tgan yili Davlat kotibasi Xillari Klinton tomonidan tayinlangan

"Amerika Ovozi: Elchi xonim, Toshkentga safaringiz, rasmiylar tomonidan, tarixiy bir voqea sifatida talqin qilindi. Nimasi bilan ahamiyatli bu tashrif?

Elchi Jonson-Kuk: Bu mening O’zbekistonga ilk safarim. Tarixiy ahamiyati balki shuki, bizni O’zbekiston hukumati taklif qildi... Maqsad diniy erkinlik yuzasidan muloqot boshlash edi. Bunga erishdik. Biz nafaqat Tashqi ishlar vaziri (Abdulaziz Komilov) balki masala bilan bevosita shug’ullanadigan idora va tashkilotlarning vakillari, diniy yetakchilar (musulmon va nasroniy), fuqaro jamiyati a’zolari bilan uchrashdik. E’tiqod erkinligi bobida ochiq gaplasha boshlaganimiz, diplomatik so’zlashuv kechayotgani, nazarimda, ijobiy o’zgarish.

"Amerika Ovozi: O’zbekiston hukumati inson huquqlari yuzasidan xalqaro maydonda tanqid ostiga olinar ekan, rahbariyat odatda ularga javob bermaydi, deyarli munosabat bildirmaydi. Shu jumladan, e’tiqod erkinligi yuzasidan ham. Siz bilan muzokarada bu haqda qanchalik ochiq va samimiy gapirishdi degan bo’lardingiz?

Elchi Jonson-Kuk: Bilasizmi, har qanday hukumat tanqidni qabul qilishi qiyin. Nazarimda, O’zbekiston rasmiylari biz bilan juda samimiy gaplashishdi. Ochiq va shoshmay muhokama qildik… Biz nohukumat tashkilotlarning vakillari bilan ham gaplashdik… Toshkentga safar men uchun yana shu bilan ham ahamiyatliki, Muski (Edmund Muskie Fellowships) dasturida qatnashgan yosh mutaxassislar bilan gaplashdik. Bu menga umid va g’ayrat bag’ishladi. Xorijda o’qib vataniga keng dunyoqarash va rejalar bilan qaytgan yoshlar. Bugungi dunyo bizdan global fuqaro bo’lishni va har qanday masalani global ravishda muhokama qilishni talab qiladi. Shu jihatdan, men Toshkentda yoshlar bilan gaplashganimdan juda mamnunman. Ular bilan suhbatlarimda bag’rikenglik, bugungi dunyoda bu qanchalik muhim ekani; o’zga din, elat va madaniyat vakillari orasida o’zaro hamjihatlikni mustahkamlash haqida eshitdim. Bu menda chuqur taassurot qoldirdi.

Xo'ja Ahror Vali masjidi, Toshkent

"Amerika Ovozi: Elchi xonim, siz O’zbekistonga borgan paytingizda Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi o’z yillik hisobotini chiqardi. Unda O’zbekiston qattiq tanqid qilinadi. Toshkentdagi muloqotda O’zbekiston tomon unga qanday munosabat bildirdi?

Elchi Jonson-Kuk: Bilasizmi, biz bu komissiya bilan yaqindan ishlaymiz, lekin ulardan tashqari boshqa manbalarga ham tayanamiz. Biz albatta bu komissiya ko’tarib chiqayotgan muammolar, Kongressda yangrayotgan xavotirlar, hammasini hisobga olamiz. O’zbekistondagi ahvolga qiziqqan amerikalik diniy yetakchilarga ham quloq tutamiz. Toshkentga safarimizdan maqsad e’tiqod erkinligi yuzasidan muloqot boshlash edi, shu bois butun ahamiyatni shunga qaratdik. Tomonlar yuqorida tilga olingan hisobotga munosabat bildirmadi.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi Obama ma'muriyatiga O'zbekiston hukumatini qattiqroq bosim ostiga olishni tavsiya qilgan

"Amerika Ovozi: O’zbekiston mana bir necha yildirki, AQSh tomonidan aynan diniy erkinlik jihatidan “Alohida tashvishga molik davlat” (Country of Particular Concern) deb ko’riladi. Hukumat bu ro’yxatdan olib tashlanishni xohlaydi va siz borganingizda bu masala albatta tilga olindi, shunday emasmi?

Elchi Jonson-Kuk: O’zbekiston “Alohida tashvishga molik” sakkiz davlatdan biri. Muzokaramizda bu maqomdan qutulish uchun qanday qadamlar tashlanishi haqida gaplashdik. Qanday choralar ko’rish, o’zgarishlar qilish haqida gap ketdi. Lekin muzokara biror konkret qaror yoki reja bilan tugadi deya olmayman. Muloqot boshladik bu haqda, shuning o’zi, nazarimda, yaxshi bir poydevor. Yaqin oylar ichida biz o’z yillik hisobotimizni chiqaramiz. Bu borada ana shu hujjatdan bafurja ma’lumotlar olasiz.

"Amerika Ovozi: Demak, hozircha siz O’zbekiston bilan muloqot qilayotganingizni katta yutuq deb bilasiz?

Elchi Jonson-Kuk: Ha, mana shu muloqot, o’zaro safarlar va fikr-almashinuvlar davom etadi degan umiddaman. Hamkorlikni yo’lga qo’yib, birga ishlaymiz degan umiddaman.

Elchi Jonson-Kuk BMT Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari Navi Pillay va boshqa rasmiylar bilan, Jeneva, 2011

"Amerika Ovozi: Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi bu hukumat, O’zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qator tavsiyalar bilan chiqqan, “respublikada vaziyat yaxshilanishi uchun mana bunday choralar ko’ring” degan maqsadda. Ularga nima deysiz?

Elchi Jonson-Kuk: Biz ularni ko’rib chiqamiz, hisobga olamiz. Davlat departamentidagi Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha idora qanday yo’l tutishni o’zi belgilaydi. O’zbekiston hukumati bilan ishlash niyatidamiz.

"Amerika Ovozi: Yaqin kelajakda nimalar qilishni ko’zlayapsiz? Hamkorlikni aynan qay tarzda yo’lga qo’ymoqchisiz?

Elchi Jonson-Kuk: E’tiqod erkinligi hurmat qilingan jamiyat barqaror bo’ladi. Biz dunyodagi har bir mamlakatda diniy huquqlar e’zozlansin deymiz, chunki bu xavfsizlik va farovonlik garovi. Hammamiz BMTning Fuqaro va siyosiy huquqlar bo’yicha xalqaro konvensiyasiga imzo chekkanmiz. Demak, unga amal qilishimiz kerak. Biz O’zbekiston bilan mana shu haqda gaplashayapmiz. Maqsad, inson huquqlari e’zozlanadigan jamiyatda yashash va erkinlikni targ’ib qilish. Shunday ekan, unga birgalikda intilishimiz kerak.

"Amerika Ovozi: Rahmat!

Elchi Jonson-Kuk: Sizga ham rahmat!