4-iyul - AQShda Mustaqillik kuni. Milliy arxiv har bu yili “Amerikani o’zgartirish” deb nomlangan ko’rgazma uyushtirilib, unda mamlakat konstitutsiyasini o’zgartirishga qaratilgan minglab urinishlar haqida hikoya qilinadi.
Amerika bosh qomusiga ko’ra, odamlarga huquqlarni davlat emas, Yaratgan bergan, so’ng xalq bu huquqlarni hukumat bilan baham ko'rgan, chunki hukumat xalq erkin ravishda saylagan vakillaridan iboratdir.
Amerika asoschilari komil bo’lmagan odamlarni boshqaruvchi nomukammal odamlardan iborat hukumatning hokimiyati cheklangan bo’lishi kerak, deb bilgan. Konstitutsiya hukumatga xalq lozim topgan huquqlarnigina yuklaydi.
Milliy arxiv kuratori Kristin Blekerbining aytishicha, sakkiz sahifalik hujjatni yillar davomida o’zgartirishga ko’plab harakatlar bo’lgan.
“Konstitutsion o’zgartirishlar Kongressda 11000 dan ko’p marotaba taklif qilingan. Tuzatishni Vakillar palatasi yoki Senat a’zosi taklif etadi”, - deydi mutaxassis.
Bosh qomusni o’zgartirish dastlabki yillardayoq boshlangan. Konstitutsiya 1789-yilda kuchga kirgan bo’lsa, uch yil o’tgach hukumat vakolatlarini cheklovchi va 10 tuzatishni o’z ichiga olgan “Huquqlar qonuni” qabul qilingan.
“Konstitutsion tuzatishga uchta asosiy sabab bor edi. 27 tuzatishdan 17 tasi inson huquqlarini kengaytirdi - ovoz berish huquqi, so’z erkinligi, e’tiqod erkinligi va boshqa huquqlar kafolatlandi”, - deydi Blekerbi.
Shu bilan birga, deydi u, hukumat faoliyati nazoratga olindi.
“Tuzatishlardan biri prezidentlik muddatini ikkitaga tushirdi”, - deydi arxiv xodimasi.
Minglab tuzatishlar tasdiqdan o’tmadi. Kimdir prezidentni lotereya asosida tanlashni taklif etgan bo’lsa, yana kimdir saylovchilar kollegiyasini bekor qilishni taklif qildi.
Eng ko’p takliflar ijtimoiy o’zgarishlar davriga to’g’ri keladi.
Kongress qabul qilgan, ammo barcha shtatlar tasdig’idan o’tmagan “Teng huquqlar” haqidagi o’zgartirishni tuzatish urinishlari ko’p bo’lgan.
“Tuzatish Konstitutsiyaga kiritilishi uchun avval Kongress uni ma’qullashi, so’ng shtatlarning to’rtdan uch qismi ratifikatsiya qilishi lozim”, - deydi Kristin Blekerbi.
Unga ko’ra, bunday talab va qoida natijasida bosh qomusni osonlikcha o’zgartirib bo’lmaydi va bu ijobiy hol.