Kiova qabilasidan chiqqan suratkash ijodi olamga mashhur

  • Amerika Ovozi

Oklaxoma shtati, 1947-yilda olingan surat

Vashingtonda tub aholi tarixi va bugungi kunini aks ettiruvchi muzey bor. Unda turli qabilalarnoing o'tmishi va madaniyati bilan yaqindan tanishasiz.

Amerika hindulari milliy muzeyi shu kunlarda yangi bir ko'zgazma ochdi. Unda Kiova qabilasidan chiqqan Xoras Pulav ijodi ko'z-ko'z qilinadi. Pulav zamonaviy hindularni suratga olib tanilgan. Har bir davrning ilg'or va ortda qolib ketgan odamlarini aks ettirgan fotolar tub aholi aslida Amerika jamiyatining ajralmas qismi ekanidan dalolat, der edi suratkash.

1906-yilda Oklaxoma shtatida dunyoga kelgan Pulav kichik bir shaharda katta bo'lgan. 19-asr oxirigacha Oklaxoma qabilaviy hudud bo'lgan. Kiova, Komanchi va Apachi qabilalar yashagan.

Kiova qabilasi, 1867

Pulavning otasi Jorj yurtga tanilgan jangchi bo'lgan. U, shuningdek, tarixni xatlab borgan. Unda qolgan manbalar - bebaho arxiv. Suratkashning onasi esa meksikalik bo'lgan. Aslida uning onasini o'g'irlab kelishgan. O'sha paytlarda bu normal hol edi.

Bolaligini chodirda o'tkazgan Pulav keyinchalik zamonaviy uyga ko'chib o'tadi. O'smir davridan boshlab u kundalik hayotni xatlab boradi. Otasidan o'tgan iqtidor edi bu.

Xoras Pulav, 1940

Pulav ijodi texnologiya taraqqiyoti bilan qadamma-qadam rivojlangan. U olgan fotolar lentalarda Chikagoga yuborilib, u yerda chiqarilgan.

Ijodkor deyarli barcha suratlarini tashqarida olgan, tabiiy yorug'likdan foydalangan.

Uning fotolari tez orada tabriknoma va kalendarlarni bezay boshlagan. Bugungi kunda har bir namunasi internetda kamida 50 dollarga sotiladi.

The Photography of Horace Poolaw (1906–1984)

Pulav 1943-yilda armiyaga boradi va bu bilan uning ijodida yangi burilish yuz beradi. 1970-yillargacha tinimsiz ijod qilgan suratkash 1984-yilda vafot etganidan undan 2000 negativ, nihoyatda uzun lentalar, meros bo'lib qolgan.

Qizi Linda uning to'plamini chiqargan, shuningdek, otasi haqida hujjatli film ishlagan.

Xoras Pulav 20-asrning fototarixchisi sanaladi. Uning suratlari omma e'tiboridan uzoqda bo'lgan lekin har kungi hayotda muhim rol o'ynagan insonlar va holatlarni aks ettiradi.

Kiova qabilasi, 1928

Lora Smit Pulav haqida kitob yozgan adiba.

“Bu fotograf bizga o'z suratlarida bir haqiqatni isbotlagan: tub aholi qanchalik qiynalmasin, oldinga intilib yashagan va yashab keladi. U yo'qolib ketmagan. O'zini asrab qolgan. Hayot uchun kurashni davom ettirmoqda. Uni chetga surmang. U sizning bir qismingiz"', - deydi Smit.

Xoras Pulav va safdoshi, Florida shtati, 1944