Kuba Amerika qit'asi davlatlarining keyingi sammitiga taklif etilmaydi

  • Amerika Ovozi

Kolumbiyada Amerika qit'asi davlatlarining oltinchi sammiti yakunlandi. Mintaqaviy tashkilotga a'zo davlatlar Kubani keyingi anjumanga taklif etishga umid qilgan edi, biroq AQSh va Kanadaning qarshiligi tufayli masala ochiq qoldi, hech bir bayonot qabul qilinmadi.

AQSh ko'p yillardan beri Kubadagi kommunistik rejimni sanksiyalar bilan jazolab keladi. Biroq anjuman mezboni, Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santosning ishtirokchilarga aytishicha, Kubani yakkalashdan foyda yo'q.

"Izolyatsiya, embargo, befarqlik, yuz o'girish shu kungacha ish bermadi. Sovuq urush davridan qolgan bu illatdan qutulish vaqti keldi", - dedi Kolumbiya rahbari.

Kubaga bo'lgan munosabatga norozilik ramzi sifatida Ekvador prezidenti Rafael Korrea sammitda qatnashmadi.

Qo'shma Shtatlar nazarida Kubada demokratik davlat asoslari bo'lmagani, mamlakatda inson huquqlari e'zoz etilmagani bois uning anjumanda ishtirok etishi o'rinsizdir.

Sammitda 30 dan ortiq mintaqa davlatlarining rahbarlari qatnashdi. Qoradori savdosiga qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlik kabi masalalar muhokama etildi.

Qo'shma Shtatlarning Xitoy va Hindiston kabi iqtisodiy raqiblari Lotin Amerikasi davlatlari bilan hamkorlikni oshirgan sari AQShning mintaqaga ta'siri zaiflashmoqda.