Bugun AQShning Los-Anjeles shahrida Amerika qit’alarining sammiti ish boshladi. 1994-yildan beri o’tkazilayotgan davlat rahbarlari yig’ilishining 9-si bu.
Your browser doesn’t support HTML5
Sotsialistik g’oyalarni targ’ib qiluvchi va AQSh siyosatiga muxolif Venesuela, Kuba va Nikaragua rahbarlari bu yilgi sammitga taklif etilmadi. Amerika rasmiylari anjuman mintaqaning demokratik davlatlari majlis qiladigan platforma ekanini aytdi, garchi ular tom ma’noda demokratik bo’lmasa-da.
Ayrim davlatlarning sammitdan chetlashtirilganidan norozi Meksika prezidenti anjumanga bormasligini ma’lum qildi.
“Hukumatim nomidan mening o’rnimga Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard boradi. Amerika qit’alarining barcha mamlakatlari taklif etilmagani uchun men bormayman”, - dedi Andres Manuel Lopes Obrador bugungi bayonoti bilan anjuman nufuzini tushirib.
Anjumanda ko’p mamlakatlarga ta’sir qilgan migratsiya inqirozi muhokama etiladi. AQShning Venesueladagi sobiq elchisi Patrik Daddining aytishicha, bu yolg’iz Amerika uchun muammo emas.
“Kolumbiya venesuelalik qochqinlar muammosi bilan yuzlashmoqda, Kosta-Rikaga esa nikaragualiklar kirishga harakat qilyapti. Gaitilik qochqinlarni har tarafda ko’rsa bo’ladi”, - deydi endilikda Dyuk universitetida dars berayotgan sobiq diplomat.
Yana bir tahlilchiga ko’ra, Los-Anjeles sammiti AQShga mintaqadagi mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga bir imkoniyatdir.
“Ayni paytda AQSh mintaqadagi davlatlarning salkam yarmiga elchi tayinlamagan. Ba’zilariga hatto elchilikka nomzodlar ham yo’q. Senatdagi kichik sonli senatorlar e’tirozi tufayli elchilikka ayrim nomzodlar Senat tasdig’idan o’tmadi”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Kris Sabatini.
Xitoy Lotin Amerikasida faollashmoqda, deydi Daddi.
“Xitoy Braziliya, Chili va Peruning eng yirik savdo hamkori bo’lsa, Venesuelaga eng ko’p qarz bergan ham Xitoy”, - deydi ekspert.
Tahlilchi Sabatining aytishicha, Bayden ma’muriyati sammitdan unumli foydalanishi kerak.