Jeff va Kris - o’zbek xalqi bilan yaqindan tasnish amerikaliklar. AQShdagi o'zbekistonliklar ularni Jeff ota, Kris opa deb chaqirishadi. Bu oilaning Nyu-Yorkdagi vatandoshlar bilan bordi-keldisi yaxshi, o’zbek xalqiga mehri baland.
Your browser doesn’t support HTML5
Jeff ota va Kris opa yillab O’zbekistonda yashagan, ishlagan. O’zbek xalqi, madaniyati, milliy taomlari, an’ana va qadriyatlari bilan yaqindan tanish. Ular "Amerika Ovozi" bilan muloqotda Nyu-Yorkdagi 31-oktabr voqealari yuzasidan fikr bildirdi.
“Nyu-Yorkda bo’lgan voqeada qurbon bo’lganlar, jarohatlanganlarning yaqinlariga hamdardmiz. Biz O’zbekistonda ishlaganmiz, yashaganmiz. Qo’shma shtatlarda ham o’zbekistonliklarning katta jamoasi bilan yaqin aloqadamiz.
Bu xalqni yaxshi bilganimiz uchun, voqea yuzasidan o’zbekistonliklarga xos bo’lmagan xususiyat deymiz. O’zbek xalqining oilaparvarligi, bir-biriga oqibati bizni jalb qilgan. Ularning bu xislatlariga katta hurmat bilan qaraymiz.
Bu kimsa sodir etgan jinoyat yuzasidan deymizki, terrorga oid harakatlarni o’zbekistonliklarda ilgari hech ko’rmaganmiz”, - deydi Jeff ota.
Kris opa ayniqsa o'zbekistonliklar haqida kuyinib gapirdi va maslahatlarini ayamadi.
“O’zbek do’stlarimizga aytmoqchi bo’lgan gapim, til o’rganish juda muhim. Farzandlaringiz qilib yurgan ishi, maktabidagi hayotidan xabardor bo’lasiz.
Til bilish sizga yashab turgan joyingiz madaniyatini tushunish, yangi muhitga moslashishni osonlashtiradi, jamiyatga qo’shilasiz. Biz sizning mehmondo’stligingiz, ochiq dasturxoningizni juda qadrlaymiz va boshqa amerikaliklar ham buni bilishini, ular bilan ham bordi-keldi qilishingizni istaymiz. Shunda o’zbek xalqining kimligini, o’z madaniyatingizni ko’rsatish, amerikaliklar nazarida o’zbekistonliklar haqida tasavvur paydo qilish imkoni bo’ladi.
Hech ham ortga chekinmang, oldinga intilishingiz kerak”, - deydi Kris opa.
Jeff ota va Kris opa Nyu-Yorkda o’zbekistonliklarga bir necha yillardan beri ingliz tili darslaridan saboq berib keladi. Ular bu ishni "Vatandosh" jamiyati bilan boshlagan edi. Hozir ham til mashg’ulotlar o’zbekistonliklar uchun ayni muddao deya Bruklinda davom ettirishmoqda.