"Xalqaro Amnistiya" (Amnesty International) tashkilotiga ko’ra, dunyo bo’ylab o’lim jazosi keng qo’llanilmoqda. O’tgan yilgi raqamlar shundan dalolat beradi.
Britaniyada asoslangan tashkilot hisobotiga ko’ra, o’tgan yili kamida 1634 kishi qatl etilgan. Bu 2014-yil bilan qiyoslaganda 54 foizga ko’p. Agar 1989-yil bilan taqqoslasak, rekord ko’rsatkich, deydi faollar.
Oliy jazosini qo’llashda uch mamlakat yetakchi - bular Eron, Pokiston va Saudiya Arabistoni. Qatllarning salkam 90 foizi shu mamlakatlarda amalga oshiriladi.
"Xalqaro Amnistiya" vakili Odri Gogran so’zlariga ko’ra, Pokistonda ham, Eronda ham hukumatlar terrorizm, ekstremizm va jinoyatchilikni bosh sabab qilib ko’rsatadi.
"Ammo sinchiklab qarasangiz, dorga osilganlarning ko’pi terrorda ayblangan fuqarolar emas, deydi u. Eronda, masalan, shu bahona bilan dissidentlar nishonga olinyapti", - deydi huquq tashkiloti xodimi.
Yuqorida tilga olingan raqamlar Xitoyni o’z ichiga olmaydi. Bu davlatda ham minglab odam qatl etilgan, ammo oliy jazo qanchalik qo’llanishi sir tutilgani sabab aniq ma’lumotlar yo’q, deyiladi hisobotda.
Yevropada o’lim jazosini qo’llaydigan yagona davlat Belarus hamda Vyetnam umuman raqamlarni oshkor etmaydi.
Qo’shma Shtatlarda o’tgan yili jami 28 kishi o’limga mahkum etilgan. Bu 1991-yildan buyon eng past ko’rsatkich.