Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining yillik xalqaro hisoboti chop etildi. Unga ko’ra, dunyoning salkam 160 mamlakatida inson huquqlari buzilmoqda, ba’zi qudratli davlatlar rahbarlari adovat va qo’rquv siyosatini yuritmoqda.
“Xalqaro Amnistiya” salkam 60 yildan beri xalqaro hamjamiyat diqqatini turli mamlakatlarda inson huquqlarining poymol etilishiga qaratib keladi. Eng so’nggi yillik hisobotga ko’ra, Misr, Filippin, Venesuela, Xitoy, Rossiya va AQSh rahbarlarining siyosati ana shunday holatlarga sabab bo’lmoqda.
“Ular inson huquqlarini himoya qiluvchi qonunlarni ochiqchasiga oyoqosti qilmoqda. Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte fuqarolarini narkotik savdogarlarini o’ldirishga chaqirdi”, - deydi tashkilot ijrochi direktori Margaret Xvan.
“Xalqaro Amnistiya” AQSh Prezidenti Donald Trampning immigratsion siyosatini, matbuot erkinligini cheklayotganini, ayollarga nisbatan munosabatini tanqid qildi.
“Tramp siyosati sabab reproduktiv salomatlik va abort haqida axborot va maslahat berib yurgan tashkilotlar bundan keyin bu maqsadlar uchun AQSh hukumatidan pul ololmaydi”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” rahbari.
Ayollar huquqlari bilan shug’ullanuvchi bir tashkilotga ko’ra, yangi qoidani deb ko’plab bu kabi tashkilotlar millionlab dollardan ayrildi.
“Madagaskar, Uganda, Zimbabveda vaucher dasturlarimiz yordamida xususiy sektor ayollarga oilani rejalashtirishda, kontratseptiv moddalardan foydalanishda yordam berar edi, ammo hozir ish to’xtagan”, - deydi “Marie Stopes International” tashkilotidan Jon Lotspich.
Hisobotga ko’ra, 2017-yilda ba’zi mamlakatlarda va, xususan, Xitoy, Misr, Turkiyada matbuot erkinligi susaygan.
“Turkiyada so’nggi ikki yilda 50 mingdan ziyod odam qamaldi, shu jumladan “Xalqaro Amnistiya”ning mamlakatdagi ikki vakili. Bir paytlar siyosiy erkinlik uchun kurashib qamoqqa tashlangan, so’ng amnistiya qilingan odam boshqarayotgan hukumat endi o’zi inson huquqlari faollari, hukumat tanqidchilarini hibsga olishni buyurmoqda. Misr va Xitoyda ham shu ahvol”, - deydi Margaret Xvan.
“Xalqaro Amnistiya” ayollar huquqlari yaxshilanmaganini qayd etarkan, Tayvanda ayni jins vakillarining nikohdan o’tishiga ruxsat berilganini olqishladi.