Bugun Andijon fojiasi ro’y berganiga olti yil bo’ldi. Hukumat hisobicha 200 ga yaqin, mustaqil manbalar taxminicha esa 500 dan ortiq insonni hayotdan olib ketgan mash’um voqealar yillar o’tib, unut bo’layotganday.
Lekin qurolli qozg’olonni bostirish uchun hukumat kuchlari tinch aholini ham ayamay qirgan degan tanqid toshi Islom Karimov ma’muriyatiga tamg’a sifatida bosilgan.
2005 yilning 13 mayida yuz bergan bu hodisa ketidan O’zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar bilan jazolandi. Amerika bilan aloqalar sovuqlashdi.
Bugun G’arb va O’zbekiston munosabatlari ancha yaxshilangan. Yevropa ham, AQSh ham Islom Karimov bilan barcha jabhalarda, shu jumladan huquq va demokratiya xususida ham muloqot boshlaganini aytadi.
Vaziyatni kuzatib turgan xalqaro tashkilotlar O’zbekistondagi siyosiy-ijtimoiy ahvolni xarob deya baholaydi.
“Human Rights Watch”, huquq himoyasi bilan mashg’ul tashkilotning region bo’yicha vakili Reychel Denber fikricha, O’zbekiston hukumati Andijon qatliomi uchun, bugun ham davom etayotgan repressiya uchun javob berishi kerak.
Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar bu muhim ekaniga ko’z yuma olmaydi, deydi u.
“Human Rights Watch” sharhicha, 2005 yilning 13 mayida Andijonda minglab fuqaro tinch namoyishga chiqqan, armiya esa ularni biror ogohlantirishsiz, ayovsiz o’qqa tutgan.
“Bu qotilliklar uchun hech kim javobgarlikka tortilmagan. Qachon tergov o’tkaziladi? Mana shu ustuvor masala”, - deydi Reychel Denber.
“Yuzlab odamlar, jumladan ayollar va bolalar otilgan. Bir necha kishini hisobga olmaganda, xalq qurolsiz bo’lgani – fakt”, - deydi Reychel Denber.
“Hukumat qancha qancha fuqarolar, xususan huquq faollarining iziga tushib, ularni bu voqealarda ayblab qamadi, qiynoqqa soldi”.
O’sha yilning kuzida Yevropa Ittifoqi Islom Karimov ma’muriyatiga qator sanksiyalar qo’ydi. Zulmni bas qilib, inson huquqlarini e’zozlashga undadi.
“Human Rights Watch” izohicha, bu talablar hamon bajarilmadi, lekin Yevropa Ittifoqi 2009 yilda sanksiyalarni butunlay olib tashladi.
Prezident Karimov yaqinda qilgan chiqishida Andijon voqeasi va arab dunyosidagi qo’zg’olonlarni qiyoslab, har ikkisi chet davlatlarning kirdikori, dedi.
“Human Rights Watch” vakili Reychel Denber esa tashqi kuchlar haqidagi gaplar - to’qima.
“Misr va Tunisdagi chiqishlar ortida xalq turgani aniq”, - deydi Denber.
“O’zbekiston va Yaqin Sharq davlatlari o’rtasida o’xshashlik shuki, tabiiy zaxiraga boy hududda avtoritar kuchlar hukmron. Rahbarlar mana shu boylikka tirmashib, korrupsiyaga botgan. Bu mulkdan bebahra qolayotgan, ishsizlik va imkoniyasizlikdan norozi xalqlar bosh ko’tarib, haqqini talab qila boshlagan”, - deydi “Human Rights Watch” vakili.
11 may kuni AQSh Kongressida kechgan muhokamada O’zbekistonda namoyishlar ehtimoli va Andijon voqeasi tilga olindi.
Respublikachi qonunchi Kristofer Smit diplomat, ekspert va siyosiy faollardan “Andijon hukumat va xalqni qanchalik o’zgartirdi”? - deb so’radi.
“O’zbekiston hukumati Andijonda namoyish qilgan odamlarni islomiy radikal deya tamg’alab, o’zini oqladi”,- deydi Pol Gobl, bu borada izlangan tahlilchi.
“Bu ta’rifni Yevropa ham, Qo’shma Shtatlar ham asosli deb topdi. Radikalmi, demak o’ldirsa bo’ladi degan fikr keng tarqaldi. Bundan o’ziga xulosa chiqargan hukumat bo’lg’usi qo’zg’olonlarni bosish yo’lini topdi”, - deydi amerikalik olim.
“Bu siyosat asoratini ko’rib turibmiz: isyon qilishga jur’at etgan odamlar - xalqaro hamjamiyat ko’zida radikal kishilar. Sukut saqlayotganlar esa – aqlli odamlar”, - deydi Pol Gobl.
Uning aytishicha, xalq va G’arb ahli Karimovning qudrati cheksiz deb o’ylasa, xato qiladi.
“Odamlar qo’zg’alsa, har narsaga qodir”, - deydi tahlilchi.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk O’zbekiston muhim hamkor ekanini ta’kidlaydi. Respublika Amerikaga Afg’onistondagi askarlarga noharbiy yuk tashishda yordam qo’lini cho’zmoqda.
Diplomatlar bugungi aloqalarni qanchalik yuqori baholamasin, Kongress nazarida Islom Karimov zolim rahbar va u bilan qanday aloqa qilish ustida puxta o’ylanish kerak.
Andijon voqeasidan keyin Kongress O’zbekistonga nisbatan harbiy va siyosiy cheklovlar joriy etilgan va ularning ayrimlari hamon amalda.
Qonunchilar oldida gapirgan Bleyk, mintaqa bo’yicha bosh diplomat, O’zbekistonda yangi avlod yetishayotgani aytib, ularning qarashlari va salohiyati boshqacha deya ta’kidladi.
Bu yoshlar, deydi Bleyk, dunyo ishlaridan boxabar. Hukumat buni tushunishi kerak, deydi diplomat, ular uchun siyosiy-iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi hamdda so’z, matbuot va e’tiqod erkinligini ta’minlashi lozim.