Yakshanba kuni Turkiya poytaxti Anqarada kuchli portlash yuz berib, kamida 37 odam o'lgan. Qiziloy maydonidagi xurujda o'nlab yaradorlar bor (ayrim manbalarga ko'ra 125 ta).
Hududda yirik savdo markazi, elchixonalar joylashgan. Rasmiylarga ko'ra, portlovchi moddalar mashinaga o'rnatilgan bo'lgan.
O'tgan oy ham poytaxtda xuruj ro'y berib, kamida 29 odam o'lgan edi. Kurd jangarilariga aloqasi bor suriyalik xuruj sodir etgani aytilgan edi.
O'tgan yilning oktabr oyida esa tinchlik namoyishi paytida Anqarada bomba portlab, 100 dan ziyod odam nobud bo'lgan edi. Rasmiylar "Islomiy davlat" jangari guruhini ayblagan edi.