AQShda Ukrainadagi urushga qiziqish so’nmoqdami?

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishiga qaramay, Respublikachilar va Demokratlar partiyalaridagi ayrim qonunchilar siyosatni o’zgartirishga chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-mart, 2023-yil

Shanba kuni poytaxt Vashingtonda urushga qarshi namoyishlar o’tkazildi. Namoyishchilar Ukrainadagi urushga tinch yo’l bilan chek qo’yishni, bu masalada AQSh siyosatini o’zgartirishni talab qilishdi.

“Fuqarolarimiz inflyatsiyadan qiynalishyapti. Iqtisodiyot og’ir ahvolda. Milliardlab, milliardlab dollar urushni moliyalashga sarflanmoqda”, - deydi Ben Beker ismli namoyish tashkilotchilaridan biri.

Ba’zilar mojaro yadro urushiga aylanib ketishidan xavotirda.

“Buning ehtimoli past bo’lsa-da, odatdagidan ancha yuqori”, - deydi bir odam.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, o’zini demokrat deb bilgan amerikaliklarning 79 foizi va mustaqil deb bilganlarning 60 foizi Ukrainaga pul va qurol yuborish tarafdori. Respublikachilarning 41 foizi esa bunga qarshi.

Respublikachilardan prezidentlikka ehtimoliy da’vogar, Florida gubernatori Ron Desantis ulardan biri.

“Keskinlashayotgan xorijdagi urushga aralashuvimiz vatanimiz mudofaasidan ustun bo’lmasligi kerak”, - deydi taniqli jurnalist Taker Karlson.

Sobiq vitse-prezident Mayk Pens Desantis pozitsiyasini tanqid qildi.

“Erkin dunyo lideri va demokratiyaning arsenali bo’lmish Amerika Ukrainaning harbiy ehtiyojlarini qondirishda davom etishi kerak”, - dedi u.

Pens ham nomzodini prezidentlikka qo’yish ustida o’ylanmoqda, biroq hozircha rasman e’lon qilgani yo’q.

Demokratlarning ba’zilari Rossiya bilan muzokara boshlash kerak degan fikrda.

“Demokratik partiyaning liberal va progressiv qonunchilari Bayden ma’muriyati siyosatidan qoniqmayapti. Agar Prezident Bayden keyingi saylovga nomzodini qo’yishga qaror qilsa - va men shunday bo’ladi deb o’ylayman – undan Amerikaning Ukrainaga doir siyosatini qayta ko’rib chiqishni talab qilishlari mumkin”, - deydi Ayova davlat universitetida siyosatshunos professor Steffen Shmidt.

Boshqa muhim masalalar hukumat e’tiborini talab qila boshlashi bilan har ikki partiyada Ukraina masalasida bo’linish kuchayishi davom etishi kutilmoqda.

“Masalan, bank tizimidagi ahvol yoki Xitoyning Tayvanga nisbatan va Tinch okeanidagi faolligi. Pekin mintaqada ta’sirini kengaytirishga zo’r bermoqda”, - deydi olim.

Shmidtning taxmin qilishicha, 2024-yil boshida saylov kampaniyasi qizg’in pallaga kirishi ketidan AQShning Ukrainaga yordami bo’yicha katta munozaralar boshlanadi.

Bugun ma’lum bo’lishicha, Qo'shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordam tariqasida qo'shimcha 350 million dollar ajratishga qaror qildi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ma'lum qildi.

"Ushbu yordam paketiga AQSh Ukrainaga bergan "HIMARS" va gaubitsalar, piyoda askarlarga qarshi kurashuvchi "Bredli" mashinalari uchun o'q-dori, "HARM" raketalari, tankka qarshi qurollar, qayiqlar va boshqa uskuna kirgan", - dedi u.