Armaniston Qurolli kuchlari bosh shtabi o’z bayonotida Bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilishi ketidan davlat rahbari shtab boshlig’i Onik Gasparyanni ishdan oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Pashinyan xalqqa murojaatida unga qarshi harbiy fitna rejalanayotgani haqida gapirib, tarafdorlarini poytaxt Yerevanda namoyishga da’vat etdi.
Armaniston Ozarbayjon bilan Tog’li Qorabog’ uchun olti haftalik urushda mag’lub bo’lib, ayrim hududlarni qo’shni mamlakatga topshirishi ketidan fuqarolarning bir qismi Pashinyandan iste’fo talab qilmoqda.
45 yashar bosh vazir hokimiyatdan ketishdan bosh tortmoqda. Urushdagi mag’lubiyat uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga olgan Pashinyan endi mamlakat xavfsizligini kuchaytirish bilan shug’ullanishini aytdi.
Biroq harbiylar uni davlat tepasida ortiq ko’rishni xohlamasligini bildirdi.
“Hozirgi hukumatning boshqaruvdagi layoqatsizligi va tashqi siyosatdagi xatolari mamlakatni halokat yoqasiga keltirdi”, deyiladi armiya bayonotida.
Harbiylar Pashinyanni iste’foga shunchaki og’zaki chaqirganmi yoki uni kuch bilan hokimiyatdan olishga tayyormi, bunisi bayonotdan ma’lum emas.
“Eng muhim muammo hozir hokimiyatni xalq qo’lida saqlash, chunki bo’layotgan voqealarni harbiy to’ntarish deb bilaman”, - dedi Pashinyan.
Gasparyan o’rniga kim tayinlangani hozircha ma’lum emas.