Armaniston Xalqaro jinoiy sudning Rim nizomini ratifikatsiya qildi

  • Amerika Ovozi

Armaniston parlamenti

Armaniston parlamenti bugun Xalqaro jinoiy sudning Rim nizomini ratifikatsiya qildi. Muxolif partiyalar va Rossiya qarshiligiga qaramay, Armaniston nizomni ratifikatsiya qilgan 124-mamlakat bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-oktabr, 2023-yil

Xalqaro sud Rossiyaning Qrimda 2014-yildagi harakatlarini “istilo” deb hukm chiqarishi ketidan Rim nizomini imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan Moskva 2016-yilda imzosini chaqirib oldi. Joriy yil martida Xalqaro jinoiy sud Prezident Vladimir Putin va yana bir rossiyalik rasmiyni qidiruvga berganidan so’ng Rossiya Tergov qo’mitasi may oyida sudning bu ishga qo’l urgan bir prokurori va bir sudyasini xorijiy davlat rasmiysiga hujumda aybdor deb, ularni hibsga olishni buyurdi.

Rasmiy Yerevan Rossiyani hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini Tog’li Qorabog’ armanlarini Ozarbayjondan himoya qila olmaganlikda ayblarkan, Xalqaro jinoiy suddagi a’zoligini o’ziga yarasha xavfsizlik kafolati sifatida ko’rmoqda.

Biroq shu bilan birga Yerevan endi Putinni Armanistonda qabul qila olmaydi, chunki Xalqaro jinoiy sud orderiga bo’ysunishi va Rossiya rahbarini hibsga olishi kerak bo’ladi.

Armaniston Ozarbayjonni harbiy jinoyatlarda aybdor deb bilarkan, Xalqaro jinoiy sud yordamida Bokuni javobgarlikka tortmoqchi va a’zolik Rossiyaga qarshi qaratilmaganini bildirib keladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugungi matbuot brifingida Armanistonni Rossiyaga ittifoqchi davlat deb atadi, Rim nizomining tasdiqlanishida Armaniston rahbariyatini aybladi.

Tog'li Qorabog'da vaziyat qanday?

Bu o’rtada Tog’li Qorabog’ning armanlar yashagan hududlari va ayniqsa Stepanakert shahri ancha huvillab qolgan. So’nggi bir necha kunda 100 mingdan ziyod arman Tog’li Qorabog’ni tark etdi. Ozarbayjon Xonkendi deb atovchi shaharda bir necha yuz qariya, bemor va nogiron qolgani aytilmoqda.

"Kasalxonalar ishlamayapti, tibbiy mutaxassislar ketgan, suv ta’minotiga javob beruvchi rasmiylar ketgan, morg direktori ham shaharni tark etgan”, - deydi Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi vakili Marko Suchchi.

BMT bosh kotibining so’zlovchisi Stefan Dujarrikning aytishicha, matbuotdagi ayrim xabarlarga qaramay, hududda maktab va kasalxonalarga zarar yetmagan.

“BMTning Ozarbayjondagi vakili Vladanka Andreyeva boshchiligidagi jamoamiz kecha Qorabog’da bo’lib, fuqarolik infratuzilmasi zarar ko’rmaganiga guvoh bo’lishdi. Jamoalarimiz hududga muntazam ravishda borib, vaziyatni o’rganib turadi”, - dedi Dujarrik.

Ozarbayjon harbiylari tashlab ketilgan hududlarni minalardan tozalashga kirishgan.