Dunyoda oziq-ovqat yetarli bo’lishiga qaramay, 815 million odam – jahon aholisining 11 foizi 2016-yilda ochlikda kun kechirgan. Texnologiya va sun’iy intellekt bu muammoga barham berishi mumkin, biroq bu texnologiyalarni rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazishda muammolar tug’ilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Dunyodagi har to’qqiz kishidan biri ochlikda kun kechiradi. Bundaylarning soni oshib bormoqda. Gap yolg’iz qashshoqlikda emas, deydi mutaxassislar.
“Mojaro, tabiiy ofatlar, odamlarning uylarini tashlab chiqishga majbur bo’lishi ham ocharchilikka yetaklaydi”, - deydi BMTning Oziq-ovqat dasturi vakili Robert Opp.
Gumanitar tashkilotlar oziq-ovqat kamomadiga qarshi kurashda sun’iy tafakkur kabi yangi texnologiyalardan foydalana boshlagan.
“Sun’iy tafakkur inson imkoniyatlarini kuchaytiradi. Biz insonni ishsiz qoldirish haqida gapirmayapmiz. Sun’iy tafakkur inson qilayotgan ishlarni yaxshiroq va ko’proq qilish qobiliyatiga ega”, - deydi BMT rasmiysi.
Sun’iy intellekt katta hajmdagi axborotni tahlil qilib rivojlanayotgan mamlakatlarda dehqonlarga yordam berishi mumkin. Fermerlar ma’lumotlarni smartfonlarida ko’rsa bo’ladi.
“Sun’iy tafakkur yer va tuproq bo’yicha axborotni tahlil qilib, menga nimani qayerga va qanday ekish kerakligini aniqlashda yordam beradi”, - deydi Bill va Melinda Geyts jamg’armasi xodimi Uyi Styuart.
“Qancha ko’p texnologiyalardan foydalansak, hosilni yetishtirishda, mahsuldorlikni oshirishda katta muvaffaqiyatlarga erishamiz”, - deydi “Eks Prayz” nodavlat jamg’armasidan Zeniya Tata.
Biroq yangi texnologiyalar rivojlanayotgan davlatlarga juda kech boradi.
“815 million odam och yurgan bo’lsa, shulardan salkam 814 millionida smartfon yo’q deb o’ylayman”, - deydi Styuart.
Texnologiya bo’lsa, boshqa muammolar halaqit berishi mumkin.
“Ochlikdan qiynalib yurgan odamlarning aksariyati ingliz tilini bilmaydi. Biz foydalanayotgan texnologiya va undan olinayotgan ma’lumotlarni ular qanday ishlatishi mumkin? – deb so’raydi mutaxassis.
Yangi texnologiyalar rivojlanayotgan mamlakatlarga hali-beri yetib bormasa-da, oziq-ovqat kamomadini boshdan kechirayotgan hududlardagi fermerlarga ularni uzatish katta ahamiyat kasb etadi.
“Biror texnologiya yaratdik deylik. Unga katta pul sarfladik. So’ng uni o’zgartiryapmiz, moslashtiryapmiz, demak, narxi ham tushishi kerak. O’ylaymanki, hozir biz ishlatayotgan texnologiyalar 3-4 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga ham borib qoladi”, - deydi sut mahsulotlarini chiqaruvchi “Land O’Lakes” kompaniyasi vakili Teddi Bekele.
Insonparvarlik loyihalari bilan shug’ullanuvchi faollarning aytishicha, global ocharchilikka qarshi kurashda tadbirkorlar yangi texnologiyalarni boshqa mamlakatlarda ham qo’llash yo’llarini izlashi zarur. Fermerlar sun’iy tafakkurdan unumli foydalanishi uchun ularni zarur tayyorgarlikdan o’tkazish kerak.