Barak Obama prezidentligining so'nggi safarini Peru poytaxti Limada yakunlaydi. U yerda o'tayotgan xalqaro anjumanda Amerika rahbari Vashington Osiyo va Tinch okeani hududidagi mamlakatlar bilan aloqani uzmaydi va kengaytirishda davom etadi deya ishontirishga urinmoqda.
Osiyo davlatlari bilan rishtalarni rivojlantirish Obama tashqi siyosatida birinchi o'rindagi masala bo'ldi. Dunyo aholisi asosan shu jamiyatlarda ko'paymoqda, iqtisodiy o'sish va oldinga siljish ham shu mamlakatlarga to'g'ri keladi, deydi Obama.
Bu hududdagi tuzumlar bilan erishilgan erkin savdo bitimi Kongress tomonidan tasdiqlanmadi va Oq uy respublikachi Donald Tramp qo'liga o'tar ekan, bu kelishuv butkul chetga surilishi kutilmoqda.
Ekspert Maykl Kugelman deydiki, Tramp hammani lol qoldirib, dunyoning bu qismi bilan yaqindan ishlashi mumkin.
“Osiyo davlatlari xavotirda, chunki ular Trampdan juda ko'p bema'ni gaplar eshitdi”, - deydi Kugelman. “Lekin Tramp Yaponiya, Filippin va Janubiy Koreya bilan hamkorlikni kengaytirishga urinadi degan fikrdaman".
Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe kuni kecha Tramp bilan uchrashdi va uning nazarida AQShning yangi prezidenti ancha uddaburo shaxs ekanini namoyon eta olgan.
Muloqot Nyu-Yorkda kechgan. Abe Trampga ishonch bilan qarashini aytgan.
Ayrim yetakchi tahlilchilar ta'biricha, Amerika Osiyo va Tinch okeanidagi rolini susaytirsa, Xitoy va Rossiya uning o'rnini egallashga tayyor. Shu bois ham Tramp bu mamlakatlar bilan til topishib, ishlay olishi kerak, deydi mutaxassislar.
Obama Limada Xitoy rahbarlari hamda Peru prezidenti bilan ham uchrashadi.
Undan oldin Obama Yevropada bo'ldi va bu ittifoqdagi davlatlarni ham "AQSh sizdan yuz o'girmaydi", - deya ishontirishga harakat qildi.
Obama Gretsiya va Germaniyada bo'ldi. Har ikki davlatdagi muzokaralarida urg'uni birdamlikka, blok mustahkamligiga va demokratiyaga berdi. Nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki Amerikaning o'zida ham shunday xavotir mavjudki, Tramp NATOga qarshi siyosat yuritib, 28 mamlakat a'zoligidagi va dunyodagi eng yirik harbiy alyansni buzishi mumkin. Trampning shikoyati shuki, NATO a'zolari aksariyat moliyani Amerikadan olib, har bir davlatning majburiyatlariga e'tibor berib keladi.
Your browser doesn’t support HTML5