AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlari muntazam hujumlarga uchramoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Iroqdagi "Ayn al-Asad" harbiy-havo bazasi

Isroil-XAMAS urushi boshidan beri Eronga xayrixoh guruhlar AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va kemalariga tinmay hujum qilmoqda. Xususan Yamanda xusiylar Isroilga yo’l olayotgan tijoriy kemalarni ballistik raketa va dronlar bilan nishonga olmoqda. Isroil AQShdan ularga qarshi chora ko’rishni so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-dekabr, 2023-yil

Oktabr o’rtalaridan beri AQShning Iroq va Suriyadagi qo’shinlari 10 xil joyda 100 dan ortiq marotaba nishonga olindi.

“O’tgan bir oyda hujumlar soni men 2019-yil avgustidan 2020-yil sentabrigacha Iroq va Suriyada xalqaro koalitsiyaga so’zlovchi bo’lgan paytimga qaraganda ko’p bo’ldi”, - deydi AQSh qurolli kuchlarining iste’fodagi polkovnigi Maylz Kaggins.

Sobiq harbiy notinch davrni esga olmoqda. AQSh harbiy bazalariga hujumlarga javob chorasi tariqasida hamda bo’lajak hujumlarning oldini olish maqsadida Qo’shma Shtatlar 2020-yil yanvarida Eronning ko’zga ko’ringan generali Qosim Sulaymoniyni yo’q qilgan.

“Iroq va Suriyada AQSh askarlarini o’ldirishga harakat qilayotgan Eronga xayrixoh qurolli guruhlar hozir yanada halokatliroq, yanada tahdidli, yana qo’rqinchli harakatlarga qo’l urmoqda”, - deydi hozirda Vashingtondagi siyosiy tahlil markazida ishlayotgan ekspert.

AQSh harbiy bazalariga hujumlarga javob berib turibdi, Iroq vq Suriyada jangari guruhlarni nishonga olmoqda.

“Islomiy davlat”ga qarshi amaliyotlar ham davom etmoqda. Amerikalik tahlilchilar AQSh hukumati Eronga aloqador guruhlarga nisbatan qattiqroq chora ko’rishi kerakligini aytadi.

“Bizga qarshi hujumlar odatiy holga aylanmasligi kerak. Axir oxir-oqibat hujumlar natija berib, askarlarimiz nobud bo’lishi mumkin”, - deydi iste’fodagi kontr-admiral Mark Montgomeri.

Vashingtonda asoslangan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasida tahlilchi bo’lib ishlayotgan ushbu mutaxassisga ko’ra, Oq uy ma’muriyati ayni paytda Isroilning G’azodagi urushi Yaqin Sharq bo’ylab kengayishining oldini olish bilan ovora.

“Muammo shundaki, AQSh o’z kuchlariga qarshi qaratilgan tahdidlarni bartaraf etmayapti. Agar shu kuchlarga jiddiy zarar yetsa, talafotlar bo’lsa, shundagina Qo’shma Shtatlar qattiq javob berishga majbur bo’ladi. Ammo mana shu qattiq javob AQSh qo’rqib turgan eskalatsiyaga olib keladi”, - deydi Montgomeri.

Eron proksilari Amerika harbiylariga quruqlikda hujum qilayotgan bir paytda yamanlik xusiylar AQSh harbiy va tijoriy kemalarini dengizda nishonga olmoqda.

“Ularning hujumlari o’limga olib kelishi aniq, dengiz bo’ylab yuk tashish cheklanadi, sug’urta va yuk tashish qimmatlashadi, global iqtisodiyotga ta’sir qiladi”, - deydi ekspert.

AQSh Mudofaa vazirligi dengizdagi tahdidni bartaraf etish uchun xalqaro koalitsiya tuzishga intilmoqda, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini ushbu koalitsiyaga qo’shishga umid qilmoqda.