Avstraliya Bosh vaziri Toni Abbot “Islomiy davlat” jangarilari “global maqsadlar”ga ega ekanidan ogohlantirib, xalqaro hamjamiyatni guruhning ekstremistik jozibasiga qarshi ko’proq kurash olib borishga chaqirdi.
U bu haqda Sidneyda terrorchilar propagandasiga qarshi kurash choralarini kuchaytirish mavzusida o’tkazilgan xalqaro konferensiyada gapirdi.
“”IShID” kelmoqda. Ularning har bir hukumat va odamlarga aytayotgan gapi bir xil: Bo’ysun yoki o’l. Bunday guruh bilan muzokara qilishning iloji yo’q. Unga qarshi faqat kurashish mumkin”, - dedi Avstraliya Bosh vaziri.
Abbot xorijdagi terror guruhlari safiga qo’shilish uchun mamlakatni tark etayotgan avstraliyaliklarga qarshi qattiqroq choralar ko’rilishi haqida gapirdi. U bunday fuqarolar ishini “xiyonatning zamonaviy shakli” deb atadi.
Konservativ qarashdagi yetakchining tan olib aytishicha, terrorizmga qarshi eng samarali himoya chorasi odamlarda unga qarshi fikr uyg’otishdir.
“Eng muhimi, biz ilg’or g’oyalar ketidan quvish ishtiyoqidagi yoshlarga shuni aytishimiz kerakki, bunday o’lim kultiga qo’shilish ular uchun umrlarini noto’g’ri yo’llarga baxshida qiishdir”, - dedi Abbot.
Ikki kunlik sammitda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan rasmiylar qatnashmoqda. “Facebook”, “Twitter” va “Google” kabi yirik texnologiya kompaniyalaridan ham delegatlar kelgan.
Xorijlik yoshlarni guruhga yollashda jangarilar ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanayotgani aytiladi.
Shu kungacha 100 dan ortiq avstraliyalik “Islomiy davlat”ga borib qo’shilgan. Hukumat ularga qarshi keskin choralar ko’rib, hatto terrorchilarga qo’shilish maqsadida xorijga jo’nab ketgan shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilishni ham rejalamoqda.
Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Juli Bishopning aytishicha, shu masalada 115 avstraliyalikning pasporti bekor qilingan va passport olish uchun topshirilgan 14 ariza rad qilingan.