Istanbuldagi muzey masjidga aylantirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning Istanbuldagi Ayasofiya majmuasini muzeydan masjidga aylantirish rejasini ba’zilar tanqid qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-iyul, 2020-yil

Sulton Mehmet Ikkinchi 1453-yilda Konstantinopolni ishg’ol qilishi ketidan bungacha vizantiyaliklar sobori bo’lgan Ayasofiya keyingi to’rt asr davomida masjid vazifasini bajarib keladi, ammo devorlaridagi ayrim ikonalar saqlanib qoladi.

1920-yillarda Turkiyada dunyoviy respublika tashkil topganidan so’ng Ayasofiya muzeyga aylantiriladi.

Biroq endi Prezident Erdog’an uni yana masjid qilmoqchi.

“Ayasofiyani masjiddan muzeyga aylantirishgan. Xudo xohlasa, saylovdan so’ng uni yana masjid qilamiz”, - degan edi u o’tgan yili.

O’shanda minglab odam majmua qarshisida namoz o’qib, muzeyning masjidga aylantirilishi uchun duo qilgan edi. Ikki milliondan ziyod odam shu mazmundagi petitsiyani imzoladi.

“Ayasofiyani masidga aylantirish Fotih Sulton Mehmetning vasiyati va merosi edi. U o’z vasiyatida shunday deb qoldirgan edi. Biz ajdodimiz merosini endi qaytarmoqchimiz”, - deydi “Birlik” jamg’armasi raisi Mehmet Alachachi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida iqtisodiyotning zarar ko’rishi hamda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi reytinglarining tushishi ketidan Erdog’an tarafdorilarining ruhini ko’tarish uchun bu ishga qo’l urmoqchi, deydi ba’zilar.

“Bu reja ichki siyosatga borib taqaladi. “Adolat va taraqqiyot” partiyasi og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Jamoatchilik diqqatini chalg’itishga qaratilgan harakat bu”, - deydi siyosiy tahlilchi Istar Go’zoydin.

Biroq dunyodagi 300 million pravoslav nasroniylar diniy yetakchisi patriarx Varfolomey ushbu rejaga qarshi chiqmoqda.

“Ayasofiyani masjidga aylantirish dunyo bo’ylab millionlab nasroniylarni ranjitadi”, - dedi u.

Odatda ko’p masalalarda qarama-qarshi fikr bildiradigan AQSh va Rossiyaning bu mavzuda fikri bir joyda chiqdi. Ular Erdog’anni bunday qilmaslikka chaqirmoqda.

Eng so'nggi xabarlarga ko'ra, Turkiya sudi bugun bunday qarorning qonuniyligini tasdiqlab hukm chiqargan.

Ayasofiya 6-asrda qurilgan bo'lib, YUNSEKO tomonidan Jahon madaniy merosi deb tan olingan.

Erdog'an sud qaroridan qanday foydalanishi hozircha ma'lum emas. Ba'zilar Ayasofiyada ibodat faqat muhim sana va bayramlarda o'tkazilishi mumkin demoqda, biroq uning tarafdorlari kundalik ibodatga ruxsat talab qilishi mumkinligi ham aytilmoqda.