Ozarbayjon Tog'li Qorabog'da Shusha shahri ozod etilganini nishonlamoqda

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tog’li Qorabog’dagi ikkinchi katta shahar Shusha ozod etilganini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-noyabr, 2020-yil

"Qadrli vatandoshlar! Aka-ukalar, opa-singillar! Shusha shahrining okkupatsiyadan ozod etilganini g’urur bilan e’lon qilaman. Shusha bizniki! Qorabog’ bizniki!” – dedi Aliyev.

Tog’li Qorabog’ning arman ma’muriyati va Armaniston qo’shni mamlakat da’vosini inkor etarkan, vayronalarga qaramay, dushman hujumlarini qaytarayotganini, qal’a taslim bo’lmaganini bildirmoqda.

Shusha shahri o’lka poytaxti Stepanakertdan 7 kilometr narida bo’lib, uning ishg’ol etilishi Stepanakertni nishonga olishni osonlashtiradi, Tog’li Qorabog’ni Armanistondan uzib qo’yishga qulay imkoniyat yaratadi.

Ozarbayjonga bu urushda yordam berayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ozarbayjon xalqi va Aliyevni tabrikladi.

“Shushaning ozod etilishi istilo qilingan boshqa hududlarning ham tez orada ozod bo’lishiga olib keladi”, - dedi u.

Aytish joiz, 9-noyabr Ozarbayjonda Milliy bayroq kuni. Aliyev yakshanba kuni Bokuda Turkiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari bilan uchrashdi.

"Shahar va qishloqlarimiz, ayniqsa Ozarbayjonning Shushadek ko’hna shahrining ozod etilishi katta tarixiy voqea bo’lib, g’alabani biz bilan nishonlash uchun tashrif buyurganingizdan xursandmiz”, - dedi u.

Ozarbayjon armiyasi hudud ichkarisiga kirishda davom etarkan, Tog’li Qorabog’ning arman aholisi qochmoqda.