Ozarbayjon-Armaniston ixtilofining 10-kuni

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjonning Ganja shahri

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi qo’shinlar Tog’li Qorabog’ga yurishini davom ettirayotgani haqida ma’lum qilarkan, Armaniston armiyasi tashlab ketgan pozitsiyalar, qarovsiz qolgan zambaraklar va o’q-dori tasvirlangan videoni tarqatdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 6-oktabr, 2020-yil

Videoda Tog’li Qorabog’ning qaysi hududi ekani noma’lum. Bungacha Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tog’li Qorabog’da Jabroyil shahri va bir necha qishloq ozod etilganini aytgan edi, biroq hududdagi arman rasmiylari bu ma’lumotlarni inkor etgan.

27-sentabrda boshlangan mojaroda minglab odam o’lgan. Armaniston Sog’liqni saqlash vaziri Arsen Torosyanning aytishicha, artilleriya hujumlari natijasida kamida 19 odam o’lgan, 80 ga yaqini yarador. Tez yordam jamoalari harbiy harakatlar tufayli muhtojlarga yordam ko’rsata olmayapti, deydi u.

Torosyan Ozarbayjonni man etilgan qurollarni ishga solayotganlikda aybladi. Xususan, inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Ozarbayjon harbiylari Qorabog’ poytaxti Stepanakertni Isroilda ishlangan kassetali bombalar bilan nishonga olganini da’vo qilarkan, Ozarbayjon prezidentining maslahatchisi Hikmat Gajiyev bu ayblovlarni inkor etdi. Unga ko’ra, tashkilot Ozarbayjon shaharlarining nishonga olinayotganiga ko’z yumib, bir tomonlama, ikkiyuzlamachi siyosat yuritmoqda.

Rasmiy Bokuga ko’ra, Armaniston Ganja, Terter, Barda, Beylagan shaharlarini o’qqa tutmoqda, ba’zilari front chizig’idan ancha uzoqda bo’lsa ham.

Bu o’rtada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Ozarbayjonga tashrif buyurib, Prezident Ilhom Aliyev va Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan keyin o’tkazilgan matbuot anjumanida Chavusho’g’li Armanistondan Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjonga qaytarishni talab qildi. Unga ko’ra, ma’naviy haqiqat va xalqaro huquq Ozarbayjon tomonida.

Germaniya kansleri Angela Merkel bilan teleko’prik orqali gaplashgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Tog’li Qorabog’ mojarosiga barham berish uchun Armaniston BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini amalga oshirishi kerak. 1993-yilda qabul qilingan to’rtta rezolyutsiyaga ko’ra, Armaniston Ozarbayjonning Tog’li Qorabog’ atrofida bosib olgan yettita rayonidan chiqib ketishi lozim.

Rasmiy Yerevan Turkiyani Ozarbayjonni mojaroga gijgijlayotganlikda ayblarkan, Tog’li Qorabog’ga suriyalik isyonchilar yuborilayotganini da’vo qilmoqda.

Suriya Prezidenti Bashar Assad bugun bu da’volarni tasdiqlagan. U ham Erdog’anni inqirozni kuchaytirayotganlikda aybladi.

Bu o’rtada Eron Armanistonni bosib olingan yerlarni Ozarbayjonga qaytarishga chaqirdi. Eron Oliy diniy raisining maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Viloyatiyning aytishicha, bir milliondan ziyod ozarbayjonlik qochqin o’z uyiga qaytishi kerak.