Tog'li Badaxshonda hayot iziga tushmoqda

Xorug'dagi janglarda o'lganlar dafn etilmoqda, Tog'li Badaxshon, 26-iyul, 2012-yil.

Tojikiston hukumati Tog’li Badaxshon muxtor viloyatida so'nggi kunlarda vaziyat yaxshilanganini bildirmoqda. Armiya nazoratni qo’lga olgan.

Badaxshonga olib boruvchi yo’llar ochiq, uyali va oddiy telefon aloqa tiklangan. Internetga qo’yilgan taqiqlar ham bekor qiilngan bo'lib, Xorug’ shahrida jurnalistlar faoliyatiga ruxsat berilgan.



Mahalliy aholi qonli to'qnashuvlarni unutishga harakat qilmoqda. Ziyoli Saodat Normatova fuqarolar urushini boshidan kechirgan xalq bu voqealarning takrorlanishini istamasligini aytadi.

“Allakimlar Badaxshondagi voqealarning zo’r berib butun Tojikistonga tarqab ketishini istadi", - deydi u.

"Buni hamma bilib turgandi. Bizga ham yetib kelsa, nima qilamiz, deb qo’rqqan edik. Bolalarimiz hayotidan xavotirda yashayotgan edik. Xudoga shukur, tinchlik. Lekin bir narsani aytish kerak. Biron joyda hukumat bilan o’ynashib bo’lmaydi. Davlat baribir davlatligini qiladi. Bu davlatga qurol bilan qarshi borish o’zi qonunsizlik”, - deydi u.

Rossiyada ishlab yurgan pomirliklar Badaxshonda notinch kunlar boshlanishi bilan "Badaxshonni qutqarish -2012" guruhini tuzgan. Asosan, Moskvada ish ko’rayotgan qo’mita a’zosi Xursand Sohibnazarov prezident Emomali Rahmonni mintaqaga tinch aholiga qarshi armiya kiritib, xalqaro huquq normalarini poymol etganlikda ayblaydi.

"Badaxshonning 70 foizdan ortiq mehnatkashlari Rossiyada. U yerda esa rossiyaliklar bor. BMT Xafvsizlik Kengashi a’zosi va ittifoqchi sifatida Rossiyaning bu ishga aralashishga qonuniy haqqi bor”, - deydi Xursand.

Qo’mita faollari Rossiya prezidenti mahkamasiga murojaat bilan chiqib, qabulida bo'lgan.

Tahlilchilar fikriga ko’ra, Badaxshondagi qonli to’qnashuvlar vaqtida Rossiya tarqatgan turli xabarlar ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarga sovuqlik solishi mumkin.

Badaxshonda bo'lib o’tgan voqealani o’rganish va ularga xolis baho berish maqsadida hukumat maxsus komissiya tashkil etdi. Uning tarkibiga mahalliy oqsoqollar va mustaqil jurnalistlar kirgan.