Bahraynda namoyishlar kuch bilan bosildi

  • Amerika Ovozi

Bahraynda namoyishlar kuch bilan bosildi

Bahraynda ham politsiya namoyishga chiqqan odamlarni ko'zni yoshlantiruvchi gaz va rezinali o'qlar bilan tarqatishga harakat qilgan.

Inson huquqlari tashkilotlari bir kishining o'lgani va bir nechasining jarohat olgani haqida ma'lum qilmoqda.

Bahrayn muxolifati namoyishlarni qirol Hamad bin Iso al-Xalifa taklif etgan siyosiy islohotlar bo'yicha o'tkazilgan referendumning 10 yilligi bilan bir kunda o'tkazib, uni "G'azab kuni" deb atagan.

Muxolifat nazarida siyosiy islohotlar haqidagi va'dalar bajarilmay qolib ketgan.

Minglab namoyishchilar konstitutsiyaga tuzatishlar kiritishni, siyosiy mahbuslarni ozod etishni, shia fuqarolarga nisbatan diskriminatsiyaga chek qo'yishni talab qilmoqda.

Bahrayn inson huquqlari markazi vitse-prezidenti Nabil Rajabning aytishicha, namoyish tinch o'tgan.

"Hech kim qo'liga hatto tosh olmadi, ammo politsiya uchun bu shart emas. Politsiya hujumi natijasida ko'plab odamlar jarohat oldi, ba'zilari kasalxonaga jo'natildi. Qolgan jabrdiydalar kasalxonaga borishdan bosh tortdi, chunki hibsga olinishdan qo'rqdilar", - deydi Rajab.

Politsiya shia mahallalariga ham kirib, o't ochgani ma'lum. Nabil Rajabning aytishicha, hukumat kuch ishlatsa, namoyishlar yanada avj olishi muqarrar.

"Hukumat bunday vaziyatda o'zini qanday tutishni bilmaydi. Talablarimiz qondirilmasa, chiqishlar to'xtamaydi", - deydi huquq faoli.

Shialar Bahrayn aholisining 70 foizidan ziyodini tashkil qiladi, hokimiyat esa sunniylar qo'lida.

Shialar qirol Xalifani ularning sonini kamaytirish maqsadida xorijlik sunniy musulmonlarga fuqarolik berayotganlikda ayblab keladi.

Hukumat namoyishlarning oldini olish uchun aholiga 2600 dollardan va'da qilgan.