Bahrayn hukumati poytaxt Manamaga askar tortib, tub islohot talab qilib bosh ko’targan minglab fuqaroni kuch bilan tarqatgan. Kamida to’rt odam o’lgan.
Qattiq qurollangan politsiya tongda Marvarid maydoniga bostirib kirib, odamlarga qarata rezinali o’q uzib, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan. Seshanbadan beri markaziy maydondan jilmay tunayotgan, asosan shialardan iborat omma orasida ayollar va bolalar ham bor.
Jarohat olgan kishilar zudlik bilan kasalxonaga olib ketilgan. Qirol Hamad bin Iso al-Xalifa to’qnashuvni tergov qilishga, aybdorlarni jazolashga va’da bermoqda.
Muxolifat bu ayovsiz hujumni qoraladi. “Bugun biz guvoh bo’lgan voqea terrorizm edi”, - deydi ular.
Tanklarga mingan qurolli kuchlar poytaxtda biror kimsani qoldirmadi. Odamlar o’rnatgan palatkalardan hozir asar yo’q. Qo’lga tushgan kishilar so’roq qilinmoqda.
Kecha demokratiya talab qilgan o’n minglab odam politsiyani chekinishga majbur qilgan edi.
Namoyishga bosh-qosh shia muxolif guruhlar Bahraynda mavjud monarxiyaga qarshi emas. Reformalar amalga oshirilsin. “Har qanday ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilish mumkin”, - deydi ular.
Muxolifat shanba kuni yirik chiqishlar rejalamoqda.
Ba’zilar qirol, boshqalar mamlakatni salkam 40 yildan beri boshqarayotgan Bosh vazir Xalifa bin Salmon al-Xalifa ketsin, deydi.
Namoyishchilar shuningdek, yangi konstitutsiya, yangi parlament, ko’proq ish o’rinlari, siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qilgan.
Bahraynda aholining 70 foizi shialar. Hukmron va kamsonli sunniylardan noligan bu mazhab vakillari “bizni kamsitishmoqda, ikkinchi darajadagi odamday muomala qilishmoqda”, deydi.
Isyon qilayotgan fuqaro yo’qsillik, kambag’al va boylar orasida tafovutdan shikoyat qiladi. Dang’illama dalahovlida yashab, g’arbda o’qib, ishlayotgan boylar oddiy xalq dardidan bexabar.
Yaqin Sharq notinch bir pallada voqealarni oldindan bashorat qilish, ahvol qachon tinchishini aytish qiyin, deydi tahlilchilar.
Bahraynda AQSh harbiy bazasi, askarlari bor. Vashington ko’rfazdagi bu yurtni yaqindan kuzatmoqda. Davlat departamenti qirollik rasmiylaridan xalq talablariga quloq tutishni so’ramoqda.