Tergovchilar: Baltimor politsiyasi qonunbuzarliklarda aybdor

  • Amerika Ovozi

AQSh Adliya vazirligi Merilend shtati Baltimor shahar politsiyasi faoliyatini tekshirib, qator qonunbuzarliklarni aniqladi. Ayniqsa, qora tanli haydovchilarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar, ortiqcha kuch ishlatish holatlari qayd etilgan.

Adliya vazirligi Baltimor politsiya boshqarmasini 15 oy davomida tekshirdi. Freddi Grey ismli qora tanli fuqaroning politsiya mashinasida o’lgani tergov boshlanishiga turtki bergan edi.

Adliya vaziri o’rinbosari Vanita Gupta xulosalarni e’lon qilar ekan, boshqarma faoliyatida noqonuniy amallar muntazam tus olganini aytib o’tdi.

“Ana shu qonunbuzarlik sabab politsiya va aholi o’rtasida ishonch butkul yo’qolgan. Huquq-tartibot samarali bo’lishi uchun ishonch havodek zarur”, - deydi rasmiy.

Baltimor politsiya boshqarmasi diskriminatsiya va irqchilikka olib kelgan qonun-qoidalarni qayta ko’rib chiqishga rozi.

Politsiya komissari Kevin Deyvis ham tekshiruv politsiya va jamoatchilik o’rtasida ishonch buzilganini tan oldi. Islohotga tayyormiz, deydi u.

“Hisobotda bayon qilingan eng ashaddiy holatlarni ko’rib chiqdik va javobgar shaxslar ishdan olindi”, - deydi u.

Baltimor meri Stefani Rolings fikricha, ushbu tergovga imkoniyat deb qarash kerak.

“Boshqarma faoliyatidagi konkret muammolar aniqlandi. Muhimi, bu muammolarni oshkora muhokama qilayapmiz. Aholi ishonchini qayta qozonish uchun shaffoflik nihoyatda muhim”, - deydi mer.