Baltimor eng xavfli shaharlar ro'yxatida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Baltimor: irq va bugungi hayot

Merilend shtati, Baltimor shahri Freddi Greyning oilasiga 6,4 million dollar tovon to’laydi. Yigit politsiya qo’lida jon berganida katta to’polon va namoyishlar yuz bergan edi. O’shandan beri mamlakat bo’ylab huquq-tartibot xodimlari va irq masalasi muhokamada. Greyning o’limida ayblanib olti politsiyachi hibsda. Namoyishlar tingan bo’lsa-da, Baltimor hanuz xavfli shaharlar ro’yxatida.

Baltimor shahrining “Sandtown-Winchester” mahallasidamiz. Jinoyatchilik, qoradori savdosi, rasizm va og’ir iqtisodiy ahvoldan toliqqan hudud. Binolar tashlandiq, odamlar hukumatning yordamiga suyanib yashaydi. Devor, darvozalarda 25 yoshli Freddi Greyni sharaflovchi graffiti suratlarni ko’rasiz. Yigit politsiya tomonidan hibsga olinib, oradan bir hafta o’tmay jon bergan edi.

Baltimorning boshqa mahallalari ahli bu hududdan chetroq yuradi. Sayyohlar umuman yo’lamaydi. Xavfli-da.

"O’qiyman demaydi bular. Esingizdami, namoyish va to’polonlar boshlangan edi, o’quvchi bolalar chopib chiqib politsiyaga qarata toshlar ota boshladi - mana shu-da asosiy muammo. Bolalar o’qimagan. Nima to’g’ri, nima xato ekanini bilmaydi", - deydi Mayk Xaas, baltimorlik.

"Ko’plar shahar hokimiyatini pisand qilmaydi. Shahar ma’muiryati ham o’zini shu jamoaning bir qismi deb bilmaydi", - deydi baltimorlik Chelsi Mona.

Yo’qsillik, ta’lim imkoniyatlari cheklangan ekani, politsiyaga ishonch yo’q ekani, ishsizlik darajasi yuqori ekani - Baltimorda jinoyatchilik va qotilliklar ko’lami oshayotgani sababi ana shunda. Natijada Baltimor Amerikaning eng xatarli shaharlaridan biriga aylandi. Touson universiteti professori Darius Irani muammo 1970-yillarda boshlangan, deydi.

"Afro-amerikaliklar ayrim mahallalarda uy sotib olishi mumkin emas edi. Ularda pul yetarli emas edi, oq oilalardan shu jihati bilan farq qilar edi", - deydi Irani.

1960-yillarda Baltimordan oqlar ko’chib ketdi, ta’lim tizimi izdan chiqdi. 1970-80-yillarda sanoat tizimini deyarli qo’ldan boy berdi.

"Ish o’yinlari yo’q edi, odamlarning ma’lumoti yo’q… Bu esa kelasi bir necha avlod yo’qsillikdan boshi chiqmay qolishini ta’minladi", - deydi Irani.

Oxirgi namoyishlar odamlarning esidan chiqqani yo’q. Do’konlar hanuz to’sib qo’yilgan. To’polonlar asoratini boshqa mahallalarda ham ko’rasiz. Iqtisodchilarning aytishicha, g’alayonlar shahar iqtisodiga qattiq ziyon qilgan - 400 dan oshiq biznes zarar ko’rdi. Sayyohlar kam keladi.

Iqtisodni tiklash uchun shahar ma’muriyati ziyon ko’rgan bizneslarga foizsiz qarz taklif qildi. Lekin namoyishlarda vayron bo’lgan ichimlik do’konlari bundan mustasno. Mer Stefani Rolings Bleykning aytishicha, ichimlik do’konlari avvaldan ruxsatsiz ish boshlagan.

"Spirtli ichimlik sotadigan do’konlar bilan bog’liq muammo shuki, 1980-yillardan beri shahar ma’muriyati ularga ko’z yumib kelgan. Xo’sh, ularni mahallalardan olib tashlash kerakmi? Ayrimlar fikricha, oxirgi g’alayonlar shaharni qaytadan qurish uchun, o’tmish unsurlaridan qutulish uchun bir imkoniyat", - deydi Irani.

Joriy oydan Merilend shtatida politsiyachilar odamlarni irqi, elati yoki jinsiy yo’nalishi asosida ayirishi man qilib qo’yildi. Freddi Greyning bevaqt o’limi bunga turtki berdi. Voqea irqchilik hanuz dolzarb muammo ekanini eslatdi.