Bangladeshda hukumatga qarshi namoyishlar ko’zlangan maqsadiga yetdi. Yanvar oyida ketma-ket to’rtinchi muddatga saylangan Bosh vazira Shayx Hasina iste’foga chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu haqda e’lon qilgan armiya rahbari general Vakeruzzamon muvaqqat hukumat tuzilishi haqida ma’lum qildi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, 76 yashar Hasinaning o’zi vertolyotda Hindistonga qochgan.
Yakshanba kuni komendant soati joriy etilganiga qaramay, talaba faollari dushanba kuni poytaxt Dakada to’planib namoyish qildi.
Namoyishchilar sobiq bosh vaziraning otasi, mamlakatni mustaqillikka yetaklagan rahbar Shayx Mujibur Rahmon sharafiga qo’yilgan haykalning boshini kesishga harakat qildi.
Hasinaning iste’fosiga yakshanba kungi qonli namoyishlar sabab bo’lgan. Politsiya bilan to’qnashuvda salkam 100 odam o’lgan.
Namoyishlar o’tgan oy boshlangan. Hasinaning tanqidchilari uni namoyishlarni kuch bilan bostirishni buyurganlikda aybladi.
O’tgan oy politsiya bilan to’qnashuvda kamida 150 odam o’lgan.
Namoyishchilar mustaqillik uchun urushda qatnashgan faxriylar oila a’zolarini davlat ishlariga joylashtirishga qaratilgan kvota tizimini bekor qilish talabi bilan bosh ko’targan.