Belarusda muxolifat yetakchilarining ba’zilari qamoqda va yana ayrimlari mamlakatdan haydalgan ekan, yaqinda tuzilgan muvofiqlashtiruvchi kengash prezidiumining yolg’iz bir a’zosi hozircha ozodlikda. 2015-yilda adabiyot bobida Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan Svetlana Aleksiyevich uyi ostonasida muxbirlar bilan muloqot qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Adiba mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etish xayolida yo’qligini aytarkan, mamlakatdagi voqealarni bir so’z bilan ta’rifladi:
“Terror. O’z xalqiga qarshi terror. Ya’ni bir odam o’z xalqiga qarshi terrorga qo’l urmoqda. Va bizning, afsuski, ojiz ekanimiz ayon bo’ldi”.
Aleksiyevich rus ziyolilariga murojaat qilib, Belarusdagi voqealar haqida sukut saqlamaslikka chaqirdi.
“Mamlakatimizni bizdan olishdi, eng yaxshi insonlarimizni o’g’irlashyapti”, - dedi u o’z bayonotida.
Belarus rasmiylariga ko’ra, muxolifat liderlaridan biri Mariya Kolesnikova mamlakatni tark etish harakatida Ukraina chegarasida ushlangan, biroq muvofiqlashtiruvchi kengash vakillarining aytishicha, Kolesnikovani Belarusdan majburan haydab chiqarmoqchi bo’lishgan, biroq u o’z pasportini yirtib tashlaganidan so’ng buning imkoni bo’lmadi va endi faol hokimiyatni qo’lga olishga aloqadorlik aybi bilan qamoqda saqlanmoqda.
Poytaxt Minskda o’nlab ayol namoyishga chiqib, Kolesnikovani ozod etishni talab qildi. Uning advokati bugun faol bayonotini tarqatgan. Unda aytilishicha, xavfsizlik xodimlari Kolesnikovani o’ldirishini aytishgan, 25 yilga qamalishini aytib, do’q-po’pisa qilishgan.
9-avgustda o’tgan prezident saylovlarida nomzod sifatida qatnashib, saylovdan so’ng Litvaga chiqib ketishga majbur bo’lgan Svetlana Tixanovskaya qo’shni Polshaga borib, Varshava universiteti talabalari oldida ma’ruza qildi.
“Zo’ravonlikka qarshi zo’ravonlik bilan kurashib bo’lmaydi. Bizdagi rejim kuylayotgan ayollarga qarshi askarlarni tashlaganida zaifligini ko’rsatmoqda. Belarusdagi namoyishlar tinch o’tishi kerak. Armaniston yoki Tunisda tinch namoyishlar hokimiyat o’zgarishiga yetaklaganini ko’rganmiz”, - dedi u.
Bundan ikki kun oldin Prezident Aleksandr Lukashenko rossiyalik muxbirlar bilan muloqot qilib, Belarusdagi namoyishlar Varshavadagi amerikalikar tomonidan boshqarilayotganini, muxolifat bilan gaplashish niyati yo’qligini aytdi.
“Prezidentlar kim bilandir gaplashmaydi. Kim bilan muzokara qilishimni bilolmayapman. Agar bu ikkita dastur e’lon qilgan oppozitsiya bo’lsa, ular bilan gaplashadigan gapim yo’q”, - dedi Lukashenko.
Mamlakatni 26 yildan beri boshqarayotgan arbob vakolatlarining bir qismini parlamentga va viloyatlardagi rahbarlarga topshirishni ko’zlovchi konstitutsion islohot haqida og’iz ochib, prezident saylovlari erta o’tkazilishi mumkinligiga ishora qildi. Shunday bo’lgan taqdirda uning o’zi yettinchi bor saylovda qatnashadimi, yo’qmi, Lukashenko aniqlashtirmadi.