Belarus hukumati va muxolifati saylovdan keyingi bir yilni sarhisob qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Britaniyada Belarus muxolifatining bayrog'i osib qo'yilgan

Belarusda ommaviy namoyishlarga turtki bergan prezident saylovlariga roppa-rosa bir yil to’ldi. Rasmiy natijalardan norozi xalq ko’chaga chiqib, oylab namoyish qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-avgust, 2021-yil

Saylovda g’alaba qozonganini da’vo qilgan Aleksandr Lukashenko chiqishlarni qattiq bostirib, minglab odam hibsga olindi, jumladan muxolifatning ko’zga ko’ringan vakillari, ba’zilari esa, jumladan muxolifat nazarida saylovda g’olib bo’lgani aytilayotgan Svetlana Tixanovskaya Belarusni tark etdi.

Hibsxonaga tushganlar kaltaklashlar, qiynoqqa solishlar haqida so’zlab berdi. Turli manbalarga ko’ra, namoyishlarda 4 tadan 10 tagacha odam o’lgan.

Muxolifat yetakchilariga qarshi jinoiy ishlar qo’zg’atilgan. Lukashenko saylovning bir yilligida jurnalistlar, ijtimoiy arboblar va siyosiy tahlilchilar bilan ko’rishib, saylov ochiq va halol o’tganini da’vo qildi.

Unga ko’ra, ayrim kuchlar saylovdagi raqamlar bilan o’ynadi, g’araz niyatli davlatlar esa bundan o’z manfaati yo’lida foydalandi.

“Zamonaviy dunyoda demokratiya o’rniga raqamli diktat kelgan. Bu dunyoda yolg’on, adovat, xayp, bulling, trolling, botlar va turli xil kommunikativ novatsiyalar hukm surmoqda”, - dedi u.

Saylovlarning bir yilligi munosabati bilan muxolifatning surgundagi rahbari ham bayonot chiqardi. Saylov komissiyasiga ko’ra, Tixanovskaya ovozlarning 10 foizini olgan, ammo uning tarafdorlari nazarida, g’olib aynan u. Mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan Tixanovskaya hozir Litvada.

“Bir yilda ko’p narsalarga aqlimiz yetdi. Katta g’alabalarga kichik harakatlar hisobiga erishib bo’lmaydi. O’z hissamizni qo’shmaguncha qonunlar o’zgarmaydi, vaziyat o’zgarmaydi. Siyosiy mahbuslarning qamoqda qancha o’tirishi bizga bog’liq”, - dedi u.