Belarusdagi saylovlarda amaldagi Prezident Aleksandr Lukashenko bilan bellashib, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan Svetlana Tixanvoskaya Yevropa Ittifoqi rahbarlariga murojaat qilib, saylovda ovozlar soxtalashtirilganini aytdi va natijalarini tan olmaslikka chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Litva hukumati Tixanovskayaga boshpana bergan. Yevropa Ittifoqi bugun favqulodda majlis o’tkazib, Belarusdagi vaziyatni teleko’prik orqali muhokama qildi. Tashkilot 9-avgust kuni bo'lib o'tgan saylov natijalarini tan olmaslikka, ovozlarni soxtalashtirish holatlariga qo’l urgan, namoyishchilarga zulm qilishni buyurgan belarus rasmiylariga qarshi sanksiya qo’llashga qaror qildi.
Mamlakatni 26 yildan beri boshqarayotgan Lukashenko saylov halol bo’lganini aytarkan, muxolifatning Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish harakatini davlat to’ntarishiga urinish deya baholadi va tegishli chora ko’rilishini bildirdi.
O’z murojaatini ingliz tilida o’qib bergan Tixanovskayaning aytishicha, Lukashenko Belarus xalqi va dunyo oldida qonuniyligini yo’qotdi.
Tixanovskaya saylovda g’alaba qozonganini da’vo qilarkan, xalqaro kuzatuvchilar nazorati ostida yangi saylovlar o’tkazishga chaqirdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olayotgan Shvetsiya Tashqi ishlar vazirasi Ann Linde Minskka borib, hukumat va muxolifat o’rtasida vositachi bo’lishni taklif etdi.
Rossiyaning bu masalada roli qanday bo’lishi hozir o’ta muhim. Prezident Vladimir Putin Germaniya, Fransiya va Yevropa Kengashi rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilib, Belarus siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bugun aytishicha, Belarusdagi vaziyat bo’yicha chetdan vositachilik qilishga hojat yo’q. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi rahbarlarining bayonotlari ortida geosiyosiy manfaatlar turibdi.
Lavrov Belarus hukumati va muxolifati muloqot qilishiga umid bildirib, qo’shni mamlakatga harbiy yordam berishga ehtiyoj yo’qligini aytdi.
Muxolifatning ko’zga ko’ringan vakillari hozir qamoqda, jumladan Tixanovskayaning prezidentlikka nomzod sifatida ro’yxatdan o’ta olmagan turmush o’rtog’i ham.