G’arb Belarusni Rossiyaning Ukrainadagi urushiga sherik deb ko’ryapti. 2020-yilda Aleksandr Lukashenkoning prezidentlikka qayta saylanganiga qarshi chiqqan beloruslarning ba’zilari Ukraina tarafida jang qilishga qaror qildi. Ular bu bilan keyinchalik o’z mamlakatidagi tuzumni ham ag’darishga umid qilmoqda. “Paxonya” deb nomlanuvchi Belarus polki qo’shni Polshada tayyorgarlikdan o’tmoqda.
Bir haftalik harbiy tayyorgarlikdan so’ng ko’ngillilar Ukrainaga ko’chirilib, maxsus bazada qo’shimcha mashqlardan o’tadi.
Polk asoschisi unga har oy 40 tagacha odam qo’shilishiga umid qilmoqda.
“Bu shashti o’ta baland beloruslar. Ikki maqsadni ko’zlaydi. Biri Ukrainadagi birodarlarimizga yordam berish, chunki dushmanimiz bitta”, - deydi Vadim Prokopyev.
Ko’ngillilar haqiqiy janglarda tajriba orttirishga oshiqmoqda.
“Urush faqat Ukrainada kechayotgani yo’q. Bu butun erkin dunyoning Belarusga qarshi urushi, chunki Belarus salkam 30 yildan beri diktatura ostida. Erkin bo’lishni istagan beloruslar uchun og’riqli masala bu. Putinning mag’lubiyatidan so’ng Lukashenko rejimining ham parchalanishini orzu qilamiz”, - deydi “Pahonya” polkining Andrey ismli a’zosi.
Yana biri Kiril bo’lib, u Belarusni ancha oldin tark etgan, Ukrainada ozodlik uchun kurash ketyapti, deydi. Urush boshida ukrainaliklarga qurol sotib olishda yordam bergan Kiril endi beloruslarni ham qo’llab-quvvatlayapti.
“Vatandosh harbiy ko’ngillilar to’liq jihozlanmaganini ko’rib, ularga ham yordam berishga ahd qildim. Ularga uskuna yuboryapmiz”, - deydi u.
Kiril ham ko’plab beloruslar kabi ikki yil oldin vatanidagi namoyishlardan ruhlangan. Tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini ko’rgan Lukashenkoning raqiblari endi qurolli kurashga hozirlanmoqda.
Belarusning surgundagi muxolifati o’tgan oy “Paxonya” polkini tan oldi. 2020-yil saylovida ovozlarni soxtalashtirish orqali g’alabadan ayrilgani aytilayotgan Svetlana Tixanovskaya polkni Belarusda bo’lajak professional armiyaning negizi deb atadi.
Vadim Prokopyevning aytishicha, polkning siyosiy muxolifat tomonidan tan olingani Belarusni Lukashenkodan ozod qilish yo’lidagi birinchi qadamdir.
Amerikalik urush faxriylari ham polk safida jang qilishi kutilmoqda.