Belarus faollari Lukashenkoni Germaniya sudiga berdi

  • Amerika Ovozi

Belaruslik 10 fuqaro Prezident Aleksandr Lukashenko va xavfsizlik idoralari xodimlarini namoyishlarni bostirishda insoniyatga qarshi jinoyatga qo’l urganlikda ayblab, Germaniya federal sudyasidan jinoiy ish ochishni so’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 6-may, 2021-yil

Xorijda yashayotgan da’vogarlarga ko’ra, Germaniya qonunlari dunyoning turli chekkasida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun sud qilish vakolatiga ega.

"Soddalik qilayotganimiz yo’q. Janob Lukashenko ertagayoq Germaniyada sud qilinadi degani emas bu. Biroq tergov ko’chaga chiqib inson huquqlarini, uyushish huquqlarini talab qilayotgan odamlarga dalda, muhim belgi bo’ladi. Xavfsizlik kuchlari xodimlariga ham ishora bo’ladi. Ular bir kun kelib o’z harakatlari uchun javob berishini bilishi kerak”, - deydi da’vogarlar guruhi advokati Onur Ozata.

Rasmiy Minsk guruh da’vosini izohlagani yo’q hozircha. Belarus hukumati namoyishchilarni jinoyatchilar, G’arb qo’llab-quvvatlayotgan zo’ravon inqilobchilar deb biladi.

Belaruslik namoyishchilar Lukashenkoni o’tgan yil avgustida o’tgan prezident saylovlarida g’alaba qozonish uchun ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblaydi.

Germaniyaning universal yurisdiksiya haqidagi qonunlari asosida fevral oyida Suriya xavfsizlik kuchlarining sobiq a’zosi odamlarni qiynoqqa solishda aybdor deb topildi.

Belaruslik faollarning aytishicha, mamlakat sudlari mustaqil bo’lmagani uchun ularning da’vosi mustaqil taraflar tomonidan ko’rilishi kerak.

Mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi Belarusda namoyishchilarga nisbatan haddan ziyod kuch ishlatilgani va qiynoqlar qo’llangani haqidagi da’volarga doir ma’lumotlarni to’plash uchun tergov guruhini tuzishga qaror qilgan.