Belarus Davlat chegara xizmati tarqatgan videoda muxolifatning uch a’zosi, jumladan yetakchilaridan biri Mariya Kolesnikova o’tirgan avtomobil Belarus-Ukraina chegarasidan o’tayotgani ko’rsatilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Kolesnikovaning bir kun oldin niqobli odamlar tomonidan ushlanib, mashinaga solingani haqida xabar qilingan edi.
Ukraina chegara xizmatining bildirishicha, Belarus muxolifatining Muvoqiflashtiruvchi kengashi a’zolari Anton Rodnenkov va Ivan Kravsov chegaradan o’tib Ukrainaga kirgan, Kolesnikova esa chegaraning narigi tomonidan qolgan.
Ukraina ichki ishlar vaziri o’rinbosari Anton Gerashenkoning aytishicha, Kolesnikovani Belarusdan haydab chiqarmoqchi bo’lishgan, ammo u pasportini ataylab yirtib tashlab, bu ishga to’sqinlik qilgan.
Belarus chegara xizmati vakilining bildirishicha, Kolesnikova chegarani kesib o’tayotgan payt ushlangan.
Belarus muxolifatiga ko’ra, xavfsizlik xodimlari uch muxolifatchini mamlakatdan qochganday ko’rsatmoqchi bo’lgan. Kolesnikova pasportini yirtib tashlaganidan so’ng uni go’yoki chegaradan o’tish paytida ushlashgan.
Belarus muxolifatining ozodlikdagi besh nafar a’zosi mamlakatni tark etgan yoki haydab chiqarilgan. Hozircha faqat ikki a’zosi ozodlikda – Adabiyot uchun Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich va huquqshunos Maksim Znak.
9-avgust prezident saylovlarida qatnashib, saylov komissiyasiga ko’ra 10 foiz ovoz to’plagan Svetlana Tixanovskayaning videomurojaatda aytishicha, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bundan keyin imzolagan hech bir xalqaro bitim tan olinmasligi kerak.
“Lukashenko rahbar sifatida qonuniyligini yo’qotdi. Uning endi Belarus nomidan ish yuritishga haqqi yo’q”, - dedi saylovdan so’ng Litvaga qochgan Tixanovskaya.
Muxolifatchi teleko’prik orqali Yevropa Komissiyasi qo’mitasi a’zolari bilan muloqot qildi.
Litva Tashqi ishlar vaziri Linas Linkevichyusning aytishicha, Lukashenko Rossiya bilan chuqurroq integratsiya haqidagi shartnomani imzolash haqida o’ylanar ekan, Belarus suverenitetini boy berishi mumkin.