Qo’shma Shtatlar Belarus hukumatining muxolifat faoli Mariya Kolesnikovani mamlakatdan haydab chiqarish sa’y-harakatlaridan chuqur xavotirda. Ayni damda u hibsda ekani xabar qilinmoqda.
Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, AQSh va boshqa davlatlar so’nggi voqealarga javoban Belarusga sanksiya qo’yishi mumkin.
“Biz Kolesnikova va Belarus xalqining erkin va adolatli saylovlarda o’z rahbarlarini tanlash huquqini tinch yo’l bilan, jasorat bilan talab qilayotganini olqishlaymiz. Belarus hukumati sodir etayotgan zo’ravonlik va tazyiqlar asossiz. 6-sentabr kuni tinch namoyishchilar kuppa-kunduz kaltaklandi, yuzlab odamlar ushlangan, shuningdek, odamlar o’g’ilanayotgani haqida xabarlar ko’paymoqda”, - deydi AQSh bosh diplomati.
Potensial sanksiyalar, deydi Pompeo, “Belarusda inson huquqlarini toptash va repressiyaga qo’l urganlarni javobgarlikka tortishga qaratiladi”.
Yevropa Ittifoqi ham Belarusning yuqori lavozimdagi 31 rasmiysi, jumladan, ichki ishlar vaziriga iqtisodiy sanksiya qo'yishini bildirgan.
Mariya Kolesnikova qatorida yana ikki muxolifatchi Anton Rodnenkov va Ivan Kravsov 7-sentabr kuni ushlangan va 8-sentabrda Belarus-Ukraina chegarasiga olib borilgan. Kolesnikova parportini yirtib tashlaganidan so’ng Belarus tomonda qolgan, Rodnenkov va Kravsov esa Ukrainaga o’tgan.
“U [Kolesnikova] hech qayerga bormayman deb hayqirdi. Pasportini yirtib, g’ijimlab, mashina derazasidan uloqtirdi. So’ng eshikni ochib, Belarus chegarasi tomon yurdi”, - deya tasvirladi Rodnenkov Kiyevda o’tgan matbuot anjumanida.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish “tinch namoyishchilarga qarshi takroriy kuch ishlatilgani, muxolifat faollariga bosim o’tkazilayotgani” yuzasidan xavotir bildirgan.
9-avgustda o’tgan saylovda uzoq yillik Prezident Aleksandr Lukashenko g’olib deb e’lon qilingani norozilik namoyishlariga turtki berdi. Belarusdagi muxolif partiyalar qatorida AQSh va Yevropa ham Ittifoqi natija soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda.
Besh haftada 7000 dan ziyod namoyishchi hibsga olingan. Ular tahqirlangani, qiynoqqa solingani haqida dalillar bor. Namoyishlar paytida kamida to’rt kishi halok bo’lgan.
"Xalqim yordamga muhtoj"
9-avgust saylovlarida qatnashgan va so’ng Litvaga qochgan Svetlana Tixanovskaya vatanidagi ahvolni “mutlaqo nomaqbul” deya, Lukashenkoni hokimiyatdan olish uchun xalqaro bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda.
U Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasiga virtual murojaat qildi.
“Mamlakatim, millatim, xalqim yordamga muhtoj. Ushbu rejimga, hokimiyatga yopishib olgan bir shaxsga qarshi xalqaro bosim kerak. Xalqaro me’yorlar va inson huquqlarini toptaydigan jinoiy qarorlar qabul qilayotgan, ularni ijro etayotgan shaxslarga sanksiya qo’yish lozim. Barcha siyosiy mahbuslar zudlik bilan ozod etilishi, mamlakat oldinga siljishi yo’llarini izlash uchun dialog boshlash kerak”, - deydi Tixanovskaya.
Muxolifatchi qamoqdagi va xavfsizlik kuchlari tomonidan kaltaklangan vatandoshlari nomidan so’zladi.
“Millionlab belaruslar qatorida men ham mamlakat taqdiri shu ekan, deb chetdan qarab tura olmayman. Inson huquqlari yoppasiga buzilayotgani, inson qadr-qimmati oyoq osti qilinayotgani, oddiy odob-axloq normalari yo’q qilinishini dunyo shunchalik kuzatib turishini qabul qilish mumkin emas. Millionlab belaruslar singari chekinishdan, taslim bo’lishdan bosh tortaman”.
Svetlana Tixanovskaya saylovdan so’ng hibsga olinishi haqida mish-mishlar tarqalgach Litvaga qochgan edi. Lukashenkoni iste’foga chaqirib, yangi saylov o’tkazish talablari yangrashda davom etmoqda.
Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi Prezidenti Rik Dams Belarusda o’tish davri tinch va demokratik bo’lishi uchun barcha guruhlar ishtirokida siyosiy dialog o’tkazishga chaqirgan.
Belarus Yevropa Kengashi a’zosi bo’lmasa-da, ikki tomon aloqada. Belarus siyosatchilari qo’mita yig’ilishlariga tez-tez taklif etiladi.
“Belarusdagi vaziyat uzoq davom etmasligiga ishonaman. Belaruslar ushbu tashkilot e’zozlaydigan qadriyatlar – inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi uchun kurashmoqda”, - dedi Tixanovskaya murojaatida.
Aleksandr Lukashenko raqiblari bilan muzokara va yangi saylov o’tkazishdan bosh tortmoqda. Tixanovskaya so’zlariga ko’ra, Belarus hukumati muxolifat tuzgan Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolarini o’g’irlab, namoyishlar tomiriga bolta urishga va oppozitsiyani qo’rqitishga urinmoqda.
Tixanovskaya shu hafta Varshavaga safar qilib, Polsha rasmiylari bilan muloqot qilishi rejalangan. Aleksandr Lukashenko esa yaqin kunlarda Rossiyaga otlanadi.